12:00 / 10.11.2020
2 170

DXX korrupsiya va firibgarlik bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘ydi

DXX korrupsiya va firibgarlik bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘ydi
DXX Surxondaryo viloyati boshqarmasi xodimlarining Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida zig‘ir va kungaboqardan yog‘ ishlab chiqaruvchi korxona qurilishi uchun aksiyadorlik tijorat bankidan 2 mlrd. 800 mln. so‘m kredit chiqartirib berish evaziga mahalliy tadbirkordan 15 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida 3 nafar shaxs ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Namangan viloyatida DXX va Prokuratura xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Majburiy ijro byurosining tuman bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari mahalliy tadbirkordan 2 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2019 yil tadbirkorga qarashli MCHJ faoliyati soliq idoralari tomonidan tekshirilib, soliq qarzdorligi aniqlangan va uni undirish uchun to‘plangan hujjatlar MIBga yuborilgan. MIBning tuman bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari esa 3 ming AQSH dollari evaziga qarzdorlikni yopishini aytib, vositachi orqali tadbirkordan muqaddam 1000 AQSH dollari va 2 mln. 230 ming so‘m pul mablag‘larini olgan.

DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi hamkorligida Samarqand shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Samarqand iqtisodiyot va servis instituti xodimi 4 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. U mazkur pul mablag‘i evaziga tanishlarining yordami orqali fuqaroni Rossiyaning Qozon federal universitetining turizm fakultetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan.

DXX va Departament xodimlarining Sirdaryo viloyatida o‘tkazgan tezkor tadbirida esa viloyat kardiologiya dispanserida bosh hisobchi lavozimida ishlovchi shaxs mahalliy fuqaroni Qozog‘iston Respublikasidagi tanishlari orqali Chimkent shahridagi oliy ta’lim muassasasining iqtisodiyot yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga undan 2700 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda aniqlangan holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » DXX korrupsiya va firibgarlik bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘ydi