Ozoda Nursaidovaga aslida nima bo‘lgan? Shifokor barcha tafsilotlarni ochiqladi (video)

Xonanda Ozoda Nursaidova boshidan kechirgan jarrohlik amaliyoti tafsilotlari ma’lum bo‘ldi. San’atkorni operatsiya qilgan neyroxirurg Mahkamjon Mahkamov uning qanday kasallik sabab shifoxonaga yotqizilgani va hozirgi ahvoli haqida ma’lumot berdi.
Shifokorning aytishicha, xonanda shifoxonaga kuchli bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi va umumiy holsizlik shikoyatlari bilan shoshilinch murojaat qilgan. Tekshiruvlar, jumladan, MRT natijasida unda subdural gematoma, ya’ni miya pardalari orasida qon to‘planishi aniqlangan.
Jarrohning tushuntirishicha, bunday holat ko‘pincha bosh jarohati oqibatida yuzaga keladi. Biroq ayrim vaziyatlarda kuchanish yoki venoz bosimning oshishi ham qon tomirining yorilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shifokor xonandaning holatida ham jismoniy zo‘riqish ehtimoliy omillardan biri bo‘lganini qayd etgan.
Ozoda Nursaidovaga kraniotomiya operatsiyasi o‘tkazilib, to‘plangan qon olib tashlangan. Shundan so‘ng u o‘n kun davomida shifokorlar nazoratida bo‘lgan.
Mutaxassisning ma’lumotiga ko‘ra, hozirda xonandaning ahvoli yaxshi, nevrologik nuqsonlar aniqlanmagan. Kasallikning qaytalanish ehtimoli ham juda past. Shifokor uning taxminan bir yarim oydan so‘ng ish faoliyatiga qaytishi mumkinligini bildirgan.
Ozoda Nursaidova ham avvalroq ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatida o‘zini ancha yaxshi his qilayotganini aytib, shifokorlar va uni qo‘llab-quvvatlagan muxlislariga minnatdorlik bildirgan edi.































Izohlar 0
…