Ibn Sinoning 1050 yilligi munosabati bilan xalqaro mukofot ta’sis etiladi

Ibn Sinoning 1050 yilligi munosabati bilan xalqaro mukofot ta’sis etiladi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • O‘zbekistonda Abu Ali ibn Sino tavalludining 1050 yilligi munosabati bilan «Ibn Sino» xalqaro mukofotini ta’sis etish va 2030 yilga qadar keng ko‘lamli chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
  • Vazirlar Mahkamasining 575-son qaroriga ko‘ra, allomaning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish, xorijdagi qo‘lyozmalarni jamlash hamda 2026 yilda Toshkentda xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonda Abu Ali ibn Sino tavalludining 1050 yilligi munosabati bilan «Ibn Sino» xalqaro mukofotini ta’sis etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 19 oktyabr kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 575-son qarorida belgilangan.

Qaror bilan 2030 yilda nishonlanadigan alloma tavalludining 1050 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi — «yo‘l xaritasi» tasdiqlangan.

Unga ko‘ra, 2026 yil oktyabr oyida Toshkent shahrida «Ibn Sino — G‘arb va Sharq falsafiy tafakkurining buyuk namoyandasi» mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, oliy tibbiy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar, kutubxonalar hamda davolash-profilaktika muassasalarida ilmiy-amaliy anjumanlar, ko‘rgazmalar va ochiq ma’ruzalar tashkil etiladi.

Reja doirasida xorijiy mamlakatlarga ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirilib, chet ellarda saqlanayotgan Ibn Sino qo‘lyozmalarini jamlash ko‘zda tutilgan. Allomaning «Mo‘jaz al-Qonun», «Qonuncha», «Al-Ishorat va at-tanbihot», «Donishnoma», «Kitob ash-Shifo» va «Sharq falsafasi» asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, ularning bosma hamda elektron nashrlari tayyorlanadi.

Hujjatda Buxoro davlat tibbiyot instituti huzurida davlat muassasasi shaklida Abu Ali ibn Sino ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish to‘g‘risidagi taklif ham ma’qullangan.

Markaz Ibn Sino tibbiy merosini o‘rganish, tadqiqot natijalarini zamonaviy tibbiyotda qo‘llash, alloma asarlari va qo‘lyozmalarini jamlash hamda o‘zbek tiliga tarjima qilish bilan shug‘ullanadi. Qo‘lyozmalarning elektron platformasini yaratish, tibbiyot xodimlari va tibbiyot tarixi bilan qiziquvchilar uchun o‘quv kurslari hamda mahorat darslarini tashkil etish ham markazning vazifalari qatoriga kiradi.

Markaz faoliyati Buxoro davlat tibbiyot institutining budjetdan tashqari mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari grantlari, pulli xizmatlardan tushadigan mablag‘lar, homiylik xayriyalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar