Ikrom Ali xonanda Yodgor Mirzajonovdan yaxshi ko‘rgan qizini qizg‘anganini aytdi (video)

Ikrom Ali xonanda Yodgor Mirzajonovdan yaxshi ko‘rgan qizini qizg‘anganini aytdi (video)
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • "Navo afsonasi Ikrom Ali bilan" dasturida Ikrom Ali yoshligida sevgan qizi Yodgor Mirzajonovning "Seni qizg‘onaman" qo‘shig‘ini tinglagani, bu esa uni xonandadan qizg‘anishiga sabab bo‘lganini aytib berdi.
  • Yodgor Mirzajonov esa o‘sha paytda qizlarning unga muxlislik qilishi ayrim yigitlarga yoqmaganini va ular uni yomon ko‘rishganini ta’kidladi.

“Navo afsonasi Ikrom Ali bilan” dasturida taniqli xonanda Yodgor Mirzajonov mehmon bo‘ldi. Suhbat davomida boshlovchi Ikrom Ali yoshligida sevgan qizi xonandaning “Seni qizg‘onaman” qo‘shig‘ini ko‘p tinglagani, hatto shu sababli yaxshi ko‘rgan qizini xonandadan qizg‘anganini eslab aytib berdi.

“Mening yaxshi ko‘rgan qizim 'Seni qizg‘onaman' degan qo‘shig‘ingizni eshitib yurardi. Men esa uni sizdan qizg‘anardim, jahlim chiqardi. Lekin uni xursand qilish uchun opamdan otkritkalaringizni sezdirmay olib, unga olib borib berardim. Aslida, sizdan juda qattiq qizg‘anardim”, — dedi Ikrom Ali.

Yodgor Mirzajonov esa o‘sha paytlarda qizlarning unga muxlislik qilishi ayrim yigitlarga yoqmaganini ta’kidladi.

“Yigitlar meni yomon ko‘rardi. Qayerga borsam ham, menga qattiq qarashardi”, — dedi xonanda.

Ikrom Alining aytishicha, Yodgor Mirzajonovning muxlislari orasida yosh qizlar juda ko‘p bo‘lgan. Ular san’atkorni shu qadar yaxshi ko‘rishganki, bu holat o‘sha qizlarning yigitlarida rashk uyg‘otgan.

“Yosh auditoriya, yosh qizlar sizning juda ashaddiy muxlislaringiz edi. San’atkorni yaxshi ko‘rish boshqa, lekin biz o‘sha qizlarni yaxshi ko‘radigan yigitlar sifatida bundan jahlimiz chiqardi. O‘sha 'Seni qizg‘onaman' qo‘shig‘ini ham unga atab aytardim”, — deya esladi rejissyor.

Suhbat davomida Ikrom Ali yana bir qiziq voqeani aytib berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tug‘ishgan opasi Dilfuza xonandaga qariyb bir kilometr uzunlikda xat yozgan. Rejissyor Yodgor Mirzajonovning konsertlarida ham muxlislaridan kelgan shunday uzun maktublarni ko‘rganini ta’kidladi.

Ikrom Ali o‘sha davrda xonandaga muxlislik qilish nihoyatda kuchli bo‘lganini, bunday holatni o‘z opasi va sevgan qizida ham ko‘rganini aytdi. Shundan so‘ng u xonandadan muxlislari yozgan maktublarni o‘qigan-o‘qimagani haqida so‘radi.

“Ha, albatta”, — deb javob berdi Yodgor Mirzajonov.

Suhbat parchasi ijtimoiy tarmoqlarda ham e’tibor qozondi. Izohlarda ayrim foydalanuvchilar o‘zlari ham xonandaning muxlisi bo‘lganini yozib qoldirdi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar