Hijobsiz yurgan ayollar qamoqqa olinishi mumkin — “Tolibon”

Afg‘onistonning Hirot viloyatida “Tolibon”ning Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish boshqarmasi aholiga yangi ogohlantirish bilan murojaat qildi. Unda oilalar ayollarning belgilangan kiyinish qoidalariga qat’iy rioya etishini ta’minlashi shartligi qayd etilgan. Aks holda, huquqiy choralar ko‘rilishi va hibsga olish holatlari yuz berishi mumkin. Bu haqda mahalliy manbalar va qo‘lga kiritilgan hujjatlarga tayanib, AmuTV xabar qildi.
Nashr e’lon qilgan hujjat nusxasiga ko‘ra, erkaklar o‘z oilasidagi ayollarning ko‘chaga hijobsiz chiqishiga yo‘l qo‘ymasligi lozim. Quyidagi holatlarda ayollar “Tolibon” axloq politsiyasi tomonidan qo‘lga olinishi va maxsus ayollar qamoqxonasiga joylashtirilishi mumkin:
ko‘chada ro‘molsiz yursa;
yuzi ochiq holda bo‘lsa;
tor kiyimda ko‘rinsa;
pardoz vositalaridan foydalangan bo‘lsa.
Hujjatda bu talablar “Tolibon”ning axloq qonuniga asoslangani ta’kidlangan. Unga ko‘ra, oiladagi erkak vasiylar ayollarning belgilangan kiyinish me’yorlariga amal qilishi uchun bevosita mas’ul hisoblanadi. Qoidalar buzilsa, huquqiy choralar qo‘llanishi va ayollarni hibsga olish mumkinligi qayd etilgan.
Shuningdek, buyruqda talablarni bajarish hamda erkak qarindoshlarning javobgarligi qat’iy belgilangan. Qoidalarga amal qilmagan shaxslar qo‘lga olinib, “Tolibon” sud organlariga topshirilishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, mazkur qaror Hirotda tarqalgan audioyozuv ortidan ma’lum bo‘lgan. Mahalliy manbalarning bildirishicha, audioyozuv “Tolibon” axloq politsiyasiga tegishli bo‘lib, unda bu chora mahalliy yig‘ilishdan keyin qabul qilingani va 6 iyundan kuchga kirishi aytilgan.
Audioda mahalla faollari va masjid imomlariga yangi talablar haqida aholini xabardor qilish vazifasi yuklatilgani ham qayd etilgan. Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi oylarda Hirot shahrida ayollarning kiyinishini nazorat qilish ishlari yanada kuchaytirilgan. Bu maqsadda shaharning gavjum nuqtalarida maxsus nazorat joylari tashkil etilgan.





























Izohlar 0
…