“Suvaraklar partiyasi” namoyishi ortidan olti kishi hibsga olindi

Hindiston poytaxti Nyu Dehli shahrida mamlakat ta’lim vaziri Dharmendra Pradhanga qarshi tashkil etilgan norozilik aksiyasi vaqtida olti nafar ishtirokchi hibsga olindi. Associated Press ma’lumotiga ko‘ra, aksiya tashabbuskori ijtimoiy tarmoqlarda qisqa muddat ichida 15 milliondan ziyod obunachi jamlab, katta mashhurlikka erishgan satirik “Suvaraklar partiyasi” bo‘lgan.
Mazkur harakat Hindiston Oliy sudi sudyasi Surya Kantning ishsiz yoshlarning bir qismini suvaraklarga qiyoslagan bahsli bayonotidan keyin shakllangan. Bu so‘zlar jamoatchilik orasida keng muhokama va noroziliklarga sabab bo‘lgan.
Aksiyada yuzlab fuqarolar, jumladan, harakat asoschisi Abxijit Dipke ham qatnashdi. AQSHdan Hindistonga kelgan Boston universiteti talabasi va siyosiy kommunikatsiyalar bo‘yicha mutaxassis hisoblangan Dipke namoyishchilar bilan birga qatnashdi. Ishtirokchilar kitoblar, milliy bayroqlar, gullar hamda suvarak tasviri tushirilgan niqoblarni ko‘tarib yurishdi. Namoyish qatnashchilarining asosiy qismini talabalar va yosh mutaxassislar tashkil qildi.

Shanba kuni bo‘lib o‘tgan mitingda qatnashchilar imtihonlarni tashkil etishdagi qoidabuzarliklar bilan bog‘liq mojarolar ortidan ta’lim vaziri Dharmendra Pradhanning iste’fosini talab qldi. Keyinchalik aksiya faqat ta’lim sohasidagi muammolar bilan cheklanib qolmay, yoshlarning ish topish imkoniyatlari, iqtisodiy qiyinchiliklar va kelajak istiqbollariga oid umumiy norozilikka aylandi.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, hibsga olish choralari namoyish ishtirokchilari o‘rtasida ehtimoliy to‘qnashuvlarning oldini olish maqsadida amalga oshirilgan.
Aksiya yakunida harakat vakillari ta’lim vaziridan yetti kun ichida lavozimini tark etishni talab qildi.
Miting ishtirokchilari “Suvaraklar kelmoqda — Dharmendra Pradhan ketmoqda!” degan shiorlar bilan chiqib, hukumatni yoshlar muammolariga jiddiy e’tibor qaratishga chaqirdi.





























Izohlar 0
…