date

Islom Karimov: “O‘zimizdan sotqin chiqmasa, o‘zbek xalqini hech kim hech qachon enga olmaydi”

Islom Karimov: “O‘zimizdan sotqin chiqmasa, o‘zbek xalqini hech kim hech qachon enga olmaydi”

2009 yil edi. Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyi arafasida shahar misli ko‘rinmagan darajada o‘zgarib ketdi. “O‘zbekiston” anjumanlar saroyi barpo etildi, Amir Temur hiyoboni butkul yangicha ko‘rinish kasb etdi. O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 18 yilligi va Toshkentning yubileyi qo‘shaloq bayram bo‘ldi. Ayyom arafasida bir guruh yoshlar Prezident Islom Karimov bilan ko‘rishadigan bo‘ldik. O‘shanda davlat rahbari bilan uchrashuv vaqtini qancha kutganimni, kun sanab, aytar gaplarimni qog‘ozlarga bitganimni, uning qo‘lini siqib salomatlik tilash, yaratib bergan imkoniyatlari uchun jamiyki O‘zbekiston bolalari nomidan minnatdorchilik aytish cheksiz baxt bo‘lganini so‘z bilan ifoda etib bera olmayman. Bir necha soniyalar ichida o‘tadigan ana shunday uchrashuvlar, Prezident Islom Karimovning samimiy tabassumi men kabi qanchadan-qancha yoshlarga ishonch, g‘urur va iftixor, qalbiga maqsad, ko‘ziga nur, yuragiga o‘t bergan.

Mamlakat rahbari o‘z ish faoliyatini boshlagan kunlardan to umrining oxiriga qadar “O‘zbekistonda yashayotgan jamiyki bolalar o‘zimning bolam, o‘zimning farzandim”, degan gaplarni bot-bot takrorladi. Ularni o‘z jigarbandidek ardoqladi, qalqon bo‘lib, yovdan himoya qildi. Har bir bolada o‘ziga ishonchni uyg‘otdi. Bugun buyuk ishlarga qo‘l urayotgan, dunyoda O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarib qaytayotgan, ilm-fan, madaniyat va san’at, sport, qo‘yingki, barcha sohalarda o‘zini ko‘rsatayotgan yosh avlod qalbiga ezgulik, bunyodkorlik, yaxshilik, havas va intilish urug‘ini sepgan ham, “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta, baxtli bo‘lishlari shart”, degan da’vatni olg‘a surib, yangi avlodni yuksak ma’naviyat sohiblari qilib tarbiyalashga bosh-qosh bo‘lgan ham u.

Bugun maktabning 1-sinfiga qadam qo‘ygan jiyancham yuzida tabassum, bir olam quvonch bilan qo‘lida Prezident sovg‘asini ko‘tarib kirib keldi. Zalvorli sovg‘asini hech kimga ishonmas, birovning qo‘liga berishni, bir zum o‘zidan holi qo‘yishni xohlamasdi. Shu chog‘ o‘zimning bolalik yillarim yodimga tushdi. 1998 yilda menga ham xuddi shunday sovg‘alar berilgan. O‘ylab qarasam o‘shanga ham 18 yil bo‘libdi. Shu vaqt mobaynida Prezident yangi avlod tarbiyasiga e’tibor qaratishdan, ularni ilm-fan cho‘qqilarini zabt etishga chorlashdan charchamadi. Imoni butun, Vataniga sadoqatli, ota-onasi, yaqinlariga og‘rinmay xizmat qiladigan avlodni tarbiyalashdek oliy maqsad yo‘lidan qaytmadi. U kun kelib o‘zi ekkan nihollar totli meva berishini, qachonlardir faqat paxtasi bilan tilga tushgan agrar mamlakat, zukko bolalari bilan yana dunyoni lol qoldirishini bilardi, bunga ishonardi. Bu quruq safsata emas. Men ham O‘zbekistondagi millionlab yoshlar singari shu ishonchdan ruhlangan va Vatanim, oilam, o‘zimning ertangi kunimni bugungidanda go‘zal qilib barpo etishga chog‘laganlardanman.

Bugungi dorilamon kunlar zavqini tuyib, shukrona keltirib yashash yaxshi, biroq har bir O‘zbekiston fuqarosi, o‘zini ajdodlardan qolgan meros vorisi, shu yurtning buguni va ertasiga daxldor deb bilgan inson bu kunlarga o‘z-o‘zidan etilmaganini anglaydi, mushohada qiladi. Yoshi ulug‘lar, qahatchilik qahratonini ko‘rgan, yaqin qarindoshining janozasiga borolmagan, ro‘za tutgani uchun tahqirlangan, Qur’onni omborxonasiga yashirinib o‘qigan, zulmkor siyosat sabab Amir Temur kabi yuzlab bobolarimiz nomini aytishga hayiqqanlar hamon hayot. Bu zaminda to‘kilgan qonlar izi hali o‘chganicha yo‘q.

Men bejiz ishonch haqida bot-bot so‘z ochmayapman. Agar inson qalbida hech narsaga nisbatan ishonch, e’tiqod bo‘lmasa, unga hech narsani o‘rgatib ham, tushuntirib ham bo‘lmaydi. U buguni bilan yashaydi, ertasini ko‘rolmaydi, kechasiga qarolmaydi. 70 yil mutelikda yashagan o‘zbek xalqi qachonlardir ana shunday holatga kelib qolgandi. Mehnat, mehnat va yana mehnat. U yashashning asosiy tamoyili, mezoni va qonuni ham shu deb bilardi. O‘zi ekkan daraxt mevasini boshqalardan ruxsat so‘rab egan odamda ishonch tuyg‘usi bo‘lishi mumkinmi?! O‘tmishda xalqimiz ko‘p bor duch kelgan va bu azoblardan o‘ziga ishonchini yo‘qotgan voqealar unut bo‘lganicha yo‘q. Unut bo‘lmaydi ham. Bu xotiralar “Paxta ishi”, “O‘zbeklar ishi” sabab panjara ortiga tashlangan begunoh ayollar dodida, dehqonlarning ketmoni zarbida, norasidalar faryodida, shahid ketgan Fitratu Cho‘lponlar qasidalarida yashaydi.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov uchun tang ahvolga tushib qolgan mamlakatni oyoqqa qo‘yish, iqtisodiyotini tiklash, urf-odatlarini qaytarish, kuchli demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini qurish, eng muhimi xalqda ertangi kunga ishonchni uyg‘otish oson kechgani yo‘q. Uyqusiz tunlar, xalq dardi va manfaatlari uchun chekilgan zahmatlar, muzokaralar, ezgu maqsadlar yo‘lida tashlangan dadil qadamlar o‘z samarasini berdi. Prezident xalq ishonchini oqladi.

Ba’zan ijtimoiy tarmoqlar va internetda O‘zbekistondan olisda, o‘zga yurtda, yov tashlagan luqmaga amal-taqal qorin to‘ydirib, o‘zini oxiri yo‘q yolg‘onlar bilan aldab, iddao qilib chiqayotganlarga ko‘zingiz tushadi. To‘xtaysiz, o‘qiysiz, g‘azabingiz keladi. Tinch yurtdagi farovon hayot, to‘kin dasturxon, taraqqiyot va yuksalishni ko‘rolmay, chetdan turib nayza sanchishga urinayotganlarni beixtiyor la’natlaysiz. Yana o‘sha azaliy haqiqat hayolingizda o‘tishi turgan gap: Yomondan yaxshilik chiqishi bekor, tuz bersang tuzliqqa tupurguvchi bor. Payt poylab, panada kun ko‘rayotgan, xorijdagi safsatabozlarning qanoti ostiga yashiringanlarning aytayotgan bo‘htonlari, O‘zbekiston ustidan ming chiranish bilan mag‘zava ag‘darishga harakat qilayotgani kishining jig‘iga tegadi, xolos. Prezident Islom Karimov bir umr bundaylarga qo‘l siltab o‘tdi, gaplariga parvo qilmadi. Vataniga, xalqiga muhabbatini mehnati bilan ko‘rsatdi. Bir bino barpo etilganda quvonchini xalqi bilan baham ko‘rdi, o‘g‘il-qizlarimiz yuksak cho‘qqilarni zabt etib, dunyoni o‘ziga qaratganda ham ularning boshini xalq ko‘z o‘ngida siladi, to‘ylarni to‘yonasiz qo‘ymadi, kun-u-tun millat dardi, uning kechasini tiklash, bugunini havas qilgudek darajaga olib chiqish, ertasini buyuk qilishga harakat qildi.

O‘zbekiston 1991 yilda Mustaqillikka erishgan bo‘lsada Prezident Islom Karimov rahnamoligida ozodlikka bo‘lgan harakatlar 1987 yillardayoq boshlangan edi. O‘shanda xalq bugungidek hayot kechirarmidi? O‘zbekiston tinchmidi? Nurab yotgan maktablarda o‘qigan o‘quvchilar o‘z bobokalonlari haqida biror narsa bilarmidi? Darvoqe, millatlar o‘rtasidagi totuvlik bugungidekmidi? Yo bir vaqtlar qirg‘izu o‘zbekni bir-biriga qayrashgani, buni esa bozordagi qulupnay mashmashasi bilan mengzashgani esimizdan chiqib qoldimi? “Ko‘cha”lar hammayoqni qo‘liga olgan mahal oddiy nonvoy o‘z topganini o‘zicha eb yota olarmidi? Jinoyatchilik, poraxo‘rlik avjiga chiqqanda oylikka yashaydigan o‘qituvchi o‘g‘lini o‘ldirib ketishgani uchun milisiyaga murojaat qilib, qonuniy jazo talab qila olarmidi? Vijdoni bor odam bu savollarning bariga o‘ylab o‘tirmay yo‘q deyishi tayin. O‘zga mamlakatda turib, o‘z millatini qoralayotganlar, O‘zbekistonga tosh otayotganlar, tasavvuridagi kenglik – o‘zim – o‘zimga xon, ko‘lankam maydon qabilidagi demakratiyani talab qilayotganlar o‘sha davrlarda qayerda edi? (!) Biri piyonista, ikkinchisi poraxo‘r, osmonga tupurib, er chizib o‘tirishdan boshqaga yaramaydigan bu kimsalarning xatti-harakatlarini qanday tushinish, qaysi mezonlar bilan o‘lchash mumkin? Prezident Islom Karimovning olib borgan adolatli siyosati, oqilona faoliyati sabab 25 yil ichida O‘zbekiston eng tez rivojlanayotgan mamlakatlar qatoridan o‘rin oldi. 70 yil qaram bo‘lgan, bor-yo‘g‘idan, tili, madaniyatidan ajralgan mamlakat 25 yil ichida shu kunlarga etishini o‘ylaganmidik? Sobiq Ittifoqning zug‘umidan xalq ezilib, adoyi tamom bo‘lganda bugun o‘zini dohiy sanayotganlar qayerda edi? Nega ular xalq dardini olmadi, elkadosh bo‘lmadi. Yaxshi hayotni kimdir qurib berishi kerak emas, hammasiga, asosiysi, beminnatiga o‘zimiz erishishimiz kerak edi. Xalq Islom Karimovning qo‘lidan tutdi va bugun o‘sha beminnatiga halol mehnati bilan erishdi.

Bir insonning umri davomida qilgan amallarini sarhisob qilmoqchimisan, uning ma’rakasiga bor. Odamlar bilan suhbatlash. 3 sentyabr tongida Toshkent va Samarqand ko‘chalariga chiqqan odamlarning ko‘z-yoshlari bo‘ladimi, viloyatlaridagi ta’ziya tadbirlariga quyulib kelayotganlarning faryodi bo‘ladimi – ba’ri samimiy. Xalq Prezident Islom Karimov bilan vidolashish uchun shoshildi, u tomon talpindi. Tillarda esa faqat bir kalom: oxirati obod bo‘lsin!

Prezident Islom Karimov mamlakat rahbari sifatida o‘zi istagandek ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot, yuksak ma’naviyatli, ahil, jips xalqni qoldirib ketdi. U ta’kidlaganidek, “Agar biz ahil bo‘lsak, el-yurt manfaati yo‘lida bir tanu bir jon bo‘lib yashasak, o‘zimizdan sotqin chiqmasa, o‘zbek xalqini hech kim hech qachon enga olmaydi”.

Manba: Qalampir.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Islom Karimov: “O‘zimizdan sotqin chiqmasa, o‘zbek xalqini hech kim hech qachon enga olmaydi”