
Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 iyun kuni Ostona shahrida «Markaziy Osiyo - Xitoy» ikkinchi sammitida ishtirok etdi.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev raisligida o‘tgan tadbirda Xitoy raisi Si Jinping, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni ustuvor yo‘nalishlarda kengaytirish istiqbollari, dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston prezidenti nutqining avvalida Xitoy raisi Si Jinpingning Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash, aniq loyiha va dasturlarni amalga oshirish orqali mintaqaning barqaror taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlashdagi o‘rnini alohida ta’kidladi.

– Bizningcha, bir tomondan, ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik makoniga aylangan Markaziy Osiyoning o‘zidagi chuqur transformatsiya jarayonlari, boshqa tomondan, Xitoy rahbariyatining qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirish va «Belbog‘ va yo‘l» global konsepsiyasini ilgari surishga qat’iy sodiqligi ushbu formatdagi hamkorlikning rivojlanishiga imkon bermoqda, dedi davlat rahbari.
So‘ng O‘zbekiston yetakchisi mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘z nuqtayi nazarini bayon qildi.
– Nizoli xalqaro masalalar va ziddiyatli muammolarni hal qilish uchun kuch ishlatish vositalaridan foydalanish o‘zini oqlamaydi va bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, deb hisoblaymiz, dedi prezident. - Barcha nizo va ziddiyatlar suverenitetni hurmat qilish, xalqaro huquq me’yorlari va Birlashgan Millatlar Tashkiloti nizomi asosida faqat diplomatik sa’y-harakatlar yo‘li bilan – muzokaralar stolida hal etilishi shart.
O‘zbekiston yetakchisi ta’kidlaganidek, Xitoy bilan savdo, investitsiyaviy va texnologik hamkorlik Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyalarini amalga oshirishda kuchli lokomotiv bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yangi iqtisodiy sheriklik dasturini tez fursatda qabul qilish hamda Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida Savdo va investitsiyalar bo‘yicha hududlararo kengashni ta’sis etish bu boradagi amaliy qadam bo‘ladi. O‘zbekiston tomoni kengashning birinchi yig‘ilishini joriy yil oxirigacha o‘tkazishga tayyorligi bildirildi.

Savdo aloqalarini rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston prezidenti «Raqamli makon va yo‘l» doirasida «Raqamli Ipak yo‘li» ko‘p tomonlama savdo platformasini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Shuningdek, reglament va standartlarni yaqinlashtirish, eksport mahsulotlarini Xitoy talablari asosida sertifikatlash uchun Toshkent shahrida Sanoatda standartlashtirish va sertifikatlashtirish mintaqaviy markazini tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Mintaqaviy ahamiyatga molik yirik loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga qodir bo‘lgan samarali moliyaviy vositalarni joriy etish masalasi alohida dolzarblik kasb etishi ta’kidlandi.
– Bugungi kunda amalda bo‘lgan xalqaro mexanizmlar, hech shubhasiz, muhim rol o‘ynamoqda, ammo mintaqaning investitsiyaga bo‘lgan talabini to‘liq qoplay olmayapti. Ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, Markaziy Osiyoni infratuzilmaviy rivojlantirishda kapital qo‘yilmalar taqchilligi bir necha yuz milliard dollar deb baholanmoqda, dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Shu munosabat bilan infratuzilmaviy tashabbuslarni ilgari surish uchun samarali platforma bo‘la oladigan «Markaziy Osiyo - Xitoy» taraqqiyot fondini ta’sis etish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif qilindi.
Markaziy Osiyo va Xitoyning transport jihatidan o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirish yana bir ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi.

«Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishi boshlangani Yevroosiyo makonidagi yangi transport va tranzit kommunikatsiyalari tizimining muhim elementi ekani ta’kidlandi. Shu bilan birga, Transafg‘on temir yo‘l magistrali loyihasini amalga oshirish yanada keng imkoniyatlar eshigini ochadi.
– Ushbu strategik soha istiqboliga oid umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun transport idoralarimizga dala tadqiqotlarini olib borish, logistika infratuzilmasini modernizatsiya qilish imkoniyatlarini o‘rganish, muqobil yo‘laklar bo‘yicha yuklarni tashish borasida sinov tariqasidagi loyihalarini amalga oshirish uchun ekspertlar guruhlarini shakllantirish yuzasidan topshiriq berishimiz zarur, deb hisoblayman, dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Davlat rahbari iqlim o‘zgarishining barqaror rivojlanish uchun jiddiy tahdidlariga e’tibor qaratib, 2030 yilgacha mo‘ljallangan «Yashil» rivojlanish dasturini qabul qilishni jadallashtirish, shuningdek, cho‘llanishga qarshi kurashish, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, qurg‘oqchil va cho‘l hududlarida bioekologik barqarorlikni oshirish bo‘yicha muloqot va sheriklik uchun Ekologik alyansni tuzishga chaqirdi.
– Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlik imkoniyatlariga alohida to‘xtalishni istar edim. Aynan ushbu yo‘nalishlar bugungi kunda milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini belgilab, uzoq muddatli o‘sishning drayveri bo‘lmoqda, dedi prezident.
Iqtisodiy hamkorlikning barqaror raqamli infratuzilmasini shakllantirish maqsadida katta ma’lumotlar bazalari va protsessing markazlarining O‘zaro integratsiyalashgan banklar tarmog‘ini yaratish, shuningdek, asosiy energetika va transport yo‘nalishlari bo‘ylab «Markaziy Osiyo - Xitoy» optik tolali aloqa liniyasining raqamli trassasini barpo etish taklif qilindi.
– Xalqlarimizning bir-birining madaniyatini o‘zaro boyitish va yaqinlashishga bo‘lgan umumiy intilishi – bu bizning bebaho boyligimizdir. Bugun qabul qilinayotgan O‘zaro tashriflarni yengillashtirish bo‘yicha tashabbus va Madaniy-gumanitar tadbirlar dasturi aynan shu maqsadlarga qaratilgan, dedi prezident.
Bu boradagi hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoyning tarixiy-madaniy resurslarini o‘zida mujassam etgan, tadqiqotchilar, talabalar, sayyohlar va kreativ industriya vakillarini qamrab olgan «Ipak yo‘li madaniy merosi» yagona raqamli portalini yaratish taklif qilindi.
Shuningdek, professional ta’lim sohasida hamkorlik dasturini ishlab chiqish, universitet rektorlari forumlari, fanlar akademiyalari va ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlarining uchrashuvlarini o‘tkazish orqali umumiy ilmiy-ta’lim platformasini shakllantirish maqsadga muvofiqligi ko‘rsatib o‘tildi.
Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Shu munosabat bilan Prezidentimiz terrorizm, ekstremizm, radikalizm, narkotrafik, noqonuniy migratsiya va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda maxsus xizmatlar va xavfsizlik kengashlari orqali ko‘p tomonlama axborot almashish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidladi.
– Biz uchun nafaqat qo‘shni, balki umumiy tarixiy-madaniy va iqtisodiy makonimizning ajralmas qismi bo‘lgan Afg‘oniston muammolariga xalqaro hamjamiyat e’tiborining pasayishi jiddiy tashvish uyg‘otmoqda, dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘oniston bilan hamkorligida to‘plangan boy tajribani qayd etib, O‘zbekiston prezidenti ushbu mamlakatning tiklanishiga ko‘maklashish va uni mintaqaviy integratsiya jarayonlariga jalb etish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha yuqori darajadagi guruhni ta’sis etishni taklif qildi. Guruh uchrashuvini Termiz shahrida Afg‘oniston vakillari ishtirokida o‘tkazishga tayyorlik bildirildi.
Davlat rahbari so‘zining yakunida O‘zbekiston «Markaziy Osiyo - Xitoy» formatidagi ochiq muloqot, pragmatik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish tarafdori ekanini ta’kidladi.
Yig‘ilish so‘ngida davlat rahbarlari Ostona deklaratsiyasi va Abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar.
Shuningdek, hukumatlararo va idoralararo hujjatlarning salmoqli to‘plami qabul qilindi.

Sammit yakunida kambag‘allikka qarshi, cho‘llanishga qarshi kurashish, ta’lim sohasidagi hamkorlik markazlari hamda to‘siqsiz savdo bo‘yicha hamkorlik platformasini ishga tushirish marosimi bo‘ldi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar