O‘zbekistonda o‘tkazilgan test imtihonlari natijalariga ko‘ra, joriy yilda 826 nafar abituriyent eng yuqori — 189 ballik natijani qayd etdi. Bunday natijaga erishganlar soni yildan yilga ortib borayotgani, abituriyentlarning bilim darajasi va tayyorgarligi yuksalayotganini ko‘rsatadi.
Tahlillarga ko‘ra, maksimal ball egalarining eng ko‘pi biologiya va kimyo fanlari majmuasidan chiqqan. Bu yo‘nalish odatda tibbiyotga qiziqadigan yoshlar tomonidan tanlanadi va aynan shu sohada bu yil 259 nafar abituriyent 189 ball oldi. Ulardan 227 nafari o‘zbek tilida, 18 nafari rus tilida, 14 nafari qoraqalpoq tilida test topshirgan.
Ingliz tili va ona tili hamda adabiyot fanlari majmuasi ham abituriyentlar orasida mashhurligicha qolmoqda. Bu yo‘nalishda maksimal ball olganlar soni — 234 nafar. Ularning asosiy qismini o‘zbek guruhidagi abituriyentlar tashkil qilgan (227 nafar), qolganlari rus (4 nafar) va qoraqalpoq (3 nafar) guruhlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Tarix va chet tili fanlari majmuasida 146 nafar, matematika va chet tili yo‘nalishida 139 nafar, davlat va huquq asoslari hamda chet tili yo‘nalishida 26 nafar, ona tili va adabiyot hamda chet tili majmuasida 16 nafar, matematika va fizika yo‘nalishida 5 nafar, fizika va matematika majmuasida esa 1 nafar abituriyent maksimal natija qayd etgan. Barcha yo‘nalishlarda o‘zbek tilida topshirgan abituriyentlar soni yuqori bo‘lgan.
Test natijalari yoshlarimiz o‘rtasida tabiiy fanlar, tillar va tarixga bo‘lgan qiziqish ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Ko‘plab abituriyentlar uchun maksimal ball — intilish va motivatsiya manbai bo‘ldi. E’tiborga molik jihat — abituriyentlar orasida har xil til guruhlaridagi yoshlar ham bilim va salohiyatini namoyon eta oldi.
Ushbu yutuqlar faol va maqsadli yoshlarimiz kelajakda o‘z o‘rnini topishiga xizmat qiladi. Bu yilgi natijalar butun jamoatchilik uchun g‘urur va ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!