2025 yil 1 avgustdan O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida bir qator huquqbuzarliklar uchun jazo choralari kuchaytirildi.
Yangi tartibga ko‘ra, chiqindini belgilab qo‘yilmagan joylarga tashlash 412 000 so‘mdan 1 236 000 so‘mgacha jarimaga sabab bo‘ladi. Bu kabi choralar aholining ekologik madaniyatini oshirish va jamoat joylarini tozaligini ta’minlashga qaratilgan.
Shox-shabbalar yoki o‘simlik qoldiqlarini yoqib yuborish holatlari uchun 1 236 000 so‘mdan 2 060 000 so‘mgacha jarima belgilandi. Bu holatlar asosan yozgi mavsumda keng tarqaladi va o‘rmon yong‘inlariga olib kelishi mumkin.
Suv manbalari ifloslangan taqdirda 1 236 000 so‘mdan 2 060 000 so‘mgacha jarima qo‘llaniladi. Bu suvdan foydalanuvchi aholi salomatligiga jiddiy tahdid soladi.
Daraxtlar, butalar va nihollarni shikastlash yoki kesish huquqbuzarliklar sirasiga kiradi. Bunday holatlar uchun 10 300 000 so‘mdan 20 600 000 so‘mgacha jarima belgilangan.
Atmosfera havosini qurilish paytida ifloslantirgan tashkilot yoki shaxslarga 4 120 000 so‘mlik jarima belgilangan.
Taqiqlangan yovvoyi hayvonlarni noqonuniy saqlash, boqish yoki sotish hollarida jarima 2 060 000 – 4 120 000 so‘mni tashkil etadi. Bundan tashqari, hayvonlar musodara qilinadi.
Ekologik zarar yetkazilgan holatda, tabiiy muhitni tiklash uchun choralar ko‘rilmagan taqdirda, 412 000 so‘mdan 1 236 000 so‘mgacha jarima qo‘llaniladi.
Ekologiya inspektorining faoliyatiga to‘sqinlik qilgan shaxslar 2 060 000 – 4 120 000 so‘m jarimaga tortiladi.
Vazirlar Mahkamasining 464-sonli qaroriga muvofiq, sog‘lom daraxtni shikastlashda tabiatga yetkazilgan zarar ham hisoblab chiqiladi va aybdor tomonidan qoplanishi shart bo‘ladi.
Ushbu choralar aholi o‘rtasida mas’uliyatni oshirish, tabiatga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishni rag‘batlantirishga qaratilgan. Har bir fuqaro ekologik tartibga amal qilsa, sof muhit kafolatlanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!