Bir kitob tugatish — uch kun kam jazo: yangi tartib joriy etildi

Bir kitob tugatish — uch kun kam jazo: yangi tartib joriy etildi

O‘zbekistonda jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlar uchun yangi rag‘batlantirish mexanizmi joriy qilindi. Endi ular ma’naviy-ma’rifiy adabiyotlarni mutolaa qilib, maxsus test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tish orqali jazo muddatini qisqartirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 12 iyun kuni qabul qilingan qarori bilan tasdiqlandi. Hujjatga muvofiq, mahkumlarda sog‘lom dunyoqarash va to‘g‘ri ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga xizmat qiladigan kitoblar ro‘yxati har yili yangilanib boradi.

Adabiyotlar ro‘yxati Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida shakllantiriladi.

Yangi tizimga ko‘ra, mahkum o‘qigan har bir kitob bo‘yicha test topshiradi. Imtihonlar maxsus dastur orqali inson omili aralashuvisiz o‘tkaziladi. Har bir kitob uchun 25 ta test savoli beriladi va har bir savolga javob berish uchun ikki daqiqadan vaqt ajratiladi.

Baholash 100 ballik tizim asosida amalga oshiriladi. Testdan muvaffaqiyatli o‘tish uchun kamida 70 ball to‘plash talab etiladi. Shu holatda mahkumning jazo muddati har bir kitob uchun 3 kunga qisqartiriladi.

Biroq mazkur imtiyozning ham chegarasi mavjud. Mahkum bir yil davomida ko‘pi bilan 30 kunlik muddat qisqartirish huquqidan foydalanishi mumkin. Shuningdek, test sinovlarini bir yilda ikki marta topshirish imkoniyati yaratiladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Kamola Shuhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar