O‘zbekistonda hayvonlar jasadi uchun yangi tartib joriy etildi

O‘zbekistonda hayvonlar jasadi uchun yangi tartib joriy etildi

O‘zbekistonda nobud bo‘lgan hayvonlar jasadini krematsiya qilish tartibiga oid yangi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Hujjatga ko‘ra, hayvonlar jasadini tekshirish, tashish, vaqtincha saqlash va krematsiya qilishning aniq qoidalari belgilangan.

Krematsiya deganda nobud bo‘lgan hayvon jasadini maxsus uskunalar — krematoriylar yordamida yuqori haroratda yoqib, biologik qoldiqlarni to‘liq yo‘q qilish usuli tushuniladi.

Tartibga muvofiq, hayvon nobud bo‘lgani aniqlansa, uning egasi yoki guvoh shaxs zudlik bilan mas’ul organga xabar berishi shart. Keyin jasad maxsus transport yoki yopiq konteynerlarda krematoriyga yetkaziladi.

Krematsiyaga qadar jasad maxsus joyda saqlanadi va bu muddat 24 soatdan oshmasligi kerak. Agar yuqumli kasallik shubhasi yoki o‘lim sababi noma’lum bo‘lsa, krematsiya majburiy amalga oshiriladi.

Yangi qoidalarga ko‘ra, krematsiyadan so‘ng qolgan kul va qoldiqlar belgilangan tartibda yo‘q qilinadi hamda tegishli dalolatnoma rasmiylashtiriladi.

Shuningdek, hujjatda xavfsizlik talablari ham belgilangan: xodimlar maxsus himoya vositalari bilan ta’minlanishi shart, ishlatilgan joy va uskunalar dezinfeksiya qilinishi kerak. Jasadlarni ochiq holda tashish va saqlash qat’iyan taqiqlanadi.

Nobud bo‘lgan hayvonlar bilan ishlovchi mas’ul shaxslar maxsus kiyim, qo‘lqop, niqob, respirator va zarur hollarda himoya ko‘zoynagi bilan ta’minlanadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar