Surxondaryo viloyatida joylashgan Boysun tog‘lari yana bir muhim arxeologik kashfiyot bilan ilm-fan dunyosi diqqat markaziga aylandi. To‘da g‘orida o‘tkazilgan arxeologik qazishmalar davomida qadim zamonlarga oid mehnat qurollari hamda yovvoyi donli o‘simliklar qoldiqlari topildi. Madaniy meros agentligi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, topilmalar qariyb 9 ming 200-yil avvalgi davrga oid.
Tadqiqot ishlari Xitoy Fanlar akademiyasi Qazilmalar va paleoantropologiya instituti professori Xinying Chjou rahbarligida, shuningdek, Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti olimlari ishtirokida amalga oshirilgan.
Qazishmalar jarayonida aniqlangan topilmalar orasida qadimgi tosh o‘roqlar, yovvoyi don urug‘lari va ularni qayta ishlashda foydalanilgan mehnat qurollari ham bor. Mutaxassislarning dastlabki xulosalariga ko‘ra, bu artefaktlar mintaqadagi ilk aholi nafaqat ovchilik va terimchilik bilan, balki dehqonchilikning dastlabki ko‘rinishlari bilan ham shug‘ullanganini ko‘rsatadi.
Germaniyadagi Geoantropologiya instituti olimlaridan biri Robert Shpenglerning ta’kidlashicha, ushbu kashfiyot dehqonchilik dunyoda yagona hududda emas, balki turli mintaqalarda, jumladan Yevroosiyoda ham mustaqil ravishda shakllanganini tasdiqlaydi. Topilmalar orasida tosh pichoqlar, o‘roqlar va yovvoyi arpaga ishlov berish uchun mo‘ljallangan boshqa asboblar ham uchradi. Ularning yuzasida g‘alla poyalarini o‘rish va qayta ishlashga oid aniq izlar saqlanib qolgan.
Arxeologlar ma’lum qilishicha, xuddi shunday qurollar Levant hududida hamda Qirg‘izistondagi Obishir-5 manzilgohida ham topilgan. Bu esa ilk agrar an’analar turli hududlarda o‘z-o‘zidan vujudga kelganini ko‘rsatadi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Boysun tog‘larida topilgan bu kashfiyot nafaqat O‘zbekiston tarixini o‘rganishda, balki insoniyatning ilk agrar madaniyati qanday shakllanganini anglashda ham ulkan ilmiy ahamiyatga ega. Bu topilmalar jahon arxeologiyasida muhim manba sifatida baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!