"Eng innovatsion g‘oya" tanlovi boshlanadi: oliygohlar startap generatori

2026 yildan boshlab startapga aylanish salohiyati baland bo‘lgan g‘oyalarni topish va “yo‘lga qo‘yib yuborish” uchun yangi katta maydon ochilyapti: har yili “Eng innovatsion g‘oya” respublika tanlovi o‘tkaziladi. G‘oyasi puxta, yechimi real va bozorga chiqish imkoniyati bor tashabbuslar aynan shu tanlov orqali saralanadi.
Qarorga ko‘ra, tanlov davlat oliy ta’lim tashkilotlarida tashkil etiladi. Eng muhimi — g‘oliblarga 100 million so‘m grant ajratiladi. Respublika bosqichi 10 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazilishi belgilangan. Demak, bu faqat “ayti-tish” emas: har sohada alohida raqobat, alohida imkoniyat degani.
Mukofot masalasi ham salmoqli: tanlovning umumiy mukofot jamg‘armasi 10 milliard so‘m etib belgilangan bo‘lib, ushbu mablag‘ Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan qoplanadi. Ya’ni g‘oyaingizga “yo‘l xarajati” topolmay qolish xavfi kamayadi — tizimning o‘zi turtki bermoqchi.
Bundan tashqari, 2026 yil 1 sentyabrdan oliy ta’lim muassasalarida “Oliygohlar – startaplar generatori” dasturi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bu dasturning falsafasi sodda: universitet faqat diplom berib qo‘ymaydi, startap chiqaradi.
Dastur doirasida oliygohlarda IT-park va venchur jamg‘armalar bilan hamkorlikda talabalar akseleratorlari tashkil etiladi. Talabalar uchun nufuzli xalqaro akseleratorlar va universitetlar bilan stajirovka hamda almashinuv dasturlari yo‘lga qo‘yilishi ham ko‘zda tutilgan — ya’ni mahalliy g‘oyalarga global “fokus” qo‘shiladi.
Eng qiziq jihatlardan biri: oliy ta’lim tashkilotlariga talabalar va ilmiy xodimlarning istiqbolli startap loyihalariga inkubatsiya markazlari va talabalar akseleratorlari orqali har bir loyihaga 20 ming AQSH dollarigacha ekvivalentda o‘z mablag‘larini investitsiya qilish huquqi beriladi. Bu — “universitet ham investorga aylanadi” degani: loyihaga ishonsa, o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlaydi.
Yana bir amaliy qadam: akseleratorlarda “startap menejer” va “startap treker” lavozimlari joriy etiladi. Oddiy qilib aytganda, g‘oyalar “yo‘qolib ketmasligi” uchun kuzatuv, tezlashtirish va natijaga yetaklash bo‘yicha mas’ul odamlar paydo bo‘ladi.
Xulosa shu: 2026 yil startap haqida gapirish emas, startap qilish yiliga o‘xshayapti. Agar kimdadir g‘oya boru, unga to‘g‘ri yo‘l xaritasi, grant va akseleratsiya muhiti yetishmayotgan bo‘lsa — mana, o‘sha bo‘shliqni to‘ldirishga katta harakat boshlanyapti. O‘zbekiston yoshlari uchun bu shansni “ertaga”ga qoldirmaslik kerak — raqobat kuchli bo‘ladi, lekin kuchli g‘oya har doim o‘z yo‘lini topadi.