To‘qayevning O‘zbekistonga tashrifi Buxoroda tantanali boshlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev amaliy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.
Oliy darajadagi mehmon Buxoro xalqaro aeroportida Shavkat Mirziyoyev tomonidan shaxsan kutib olindi. Bu yerda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona va strategik munosabatlarni aks ettiruvchi tantanali qabul marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosim davomida milliy musiqa, qo‘shiq va raqs namunalari namoyish etildi. Shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston davlat bayroqlari ko‘tarilib, faxriy qorovul saf tortdi. Harbiy orkestr ijrosida ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi, bu esa tadbirga yana-da rasmiy va tantanaviy ruh bag‘ishladi.

Rejaga ko‘ra, bugun ikki davlat rahbarlari o‘zaro muzokaralar o‘tkazadi. Shu bilan birga, ular Buxoroning boy tarixiy merosi bilan tanishib, shaharning mashhur obidalariga tashrif buyuradi. Shuningdek, sanoat korxonalari faoliyatini o‘rganish va boshqa qator rasmiy tadbirlar ham rejalashtirilgan.
Tashrif ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!