O‘zbekistonda yo‘llarga qo‘yiladigan kameralar qonuniylashtirildi

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga kiritilayotgan yangi o‘zgartishlar 2015 yil 10 avgust kuni Prezident Islom Karimov tomonidan imzolandi va 11 avgustdan kuchga kirdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga asoslanib «Daryo» xabar bermoqda.
O‘zgartishlar 2015 yil 29 iyul kuni Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, 6 avgust kuni Senat tomonidan tasdiqlangan.
Kodeksga qo‘shilgan yangi 17¹-moddaga binoan, yo‘l harakati qoidalari buzilganligi maxsus avtomatlashtirilgan texnik vositalar yordamida foto yoki videokuzatuv orqali qayd etilganida javobgarlik transport vositasi egasiga yuklanadi. Tizim yuridik shaxsga tegishli transport vositasida yo‘l harakati qoidasi buzilganini qayd esa, ma’muriy javobgarlik ushbu transport vositasidan foydalanish uchun mas’ul shaxsga yuklanadi.
Agar ma’muriy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qaror ustidan berilgan shikoyatni ko‘rib chiqish jarayonida tegishli transport vositasiga huquqbuzarlik qayd etilgan paytda egalik qilgan shaxs aniqlansa yoxud mazkur transport vositasi boshqa shaxslarning g‘ayrihuquqiy xatti-harakatlari natijasida transport vositasi mulkdorining egaligidan chiqib ketganligi aniqlansa, transport vositasining mulkdori o‘ziga tegishli transport vositasidan foydalanib sodir etilgan, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun ma’muriy javobgarlikdan ozod etiladi.
283-moddaga kiritilgan qo‘shimchaga binoan, qoidabuzarlik foto yoki videofiksasiya orqali qayd etilganda bayonnoma tuzilmaydi. Yangi 309¹-moddaga ko‘ra, jarima solish to‘g‘risidagi qaror qoidabuzarning ishtirokisiz yozilib, uni tuzgan vakolatli shaxsning elektron raqamli imzosi bilan yuridik kuchga ega elektron hujjat ko‘rinishida rasmiylashtiriladi. Hujjatning qog‘oz nusxasi uch kun ichida buyurtma pochta jo‘natmasi orqali qoidabuzarga jo‘natiladi.
332-moddaga kiritilgan qo‘shimchaga binoan, qoidabuzarlik uchun jarima 60 kundan kech bo‘lmagan muddatda to‘lanishi lozim. Bu yuzadan shikoyat qilinganda yoki protest bildirilganda, shikoyat yoki protest qanoatlantirilmaganligi to‘g‘risida xabar qilinganidan 30 kundan kech bo‘lmagan vaqtda to‘lanishi zarur.
Shuningdek, ma’muriy jazo qo‘llanilishi tartibiga ham o‘zgartish kiritildi. Endi ma’muriy jazo qoidabuzarlik sodir etilgan vaqtdan boshlab bir yildan kech bo‘lmagan muddatda qo‘llanilishi mumkinligi belgilandi — avval bu muddat ikki oyga teng edi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing