Hindistondagi Kudankulam AESning beshinchi energoblogida reaktor korpusi oʻrnatildi

Hindistonning Tamil Nadu shtatida barpo etilayotgan “Kudankulam” atom elektr stansiyasining (AES) beshinchi energoblogida muhim texnologik jarayon yakunlandi. Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi mutaxassislari ishtirokida beshinchi blokning reaktor korpusi loyihaviy holatga muvaffaqiyatli oʻrnatildi. Bu haqda korporatsiya matbuot xizmati maʼlumotlariga tayanib ixbt.com xabar bermoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Vazni qariyb 300 tonnani tashkil etuvchi ushbu ulkan qurilma “Open Top” usuli yordamida montaj qilindi. Mazkur texnologiyaning oʻziga xosligi shundaki, uskunalar bino gumbazi hali yopilmasdan turib, yuqoridan kran yordamida ichkariga tushiriladi. Bu usul qurilish muddatlarini sezilarli darajada qisqartirish va murakkab muhandislik ishlarini parallel ravishda olib borish imkonini beradi.
Mazkur reaktor korpusi Rossiyaning Volgodonsk shahridagi “Atommash” zavodida tayyorlangan boʻlib, obʾyktga 2025-yilda yetkazib berilgan edi. Qurilmaning oʻrnatilishi stansiya qurilishidagi eng muhim bosqichlardan biri hisoblanadi, chunki aynan shu korpus yadroviy reaksiyalar sodir boʻladigan asosiy “yurak” vazifasini oʻtaydi.
Navbatdagi texnologik bosqichlar
Reaktor korpusi oʻrnatilgach, muhandislar reaktor qurilmasining boshqa asosiy qismlarini montaj qilishga kirishadilar. Bular sirasiga bugʻ generatorlari, asosiy sirkulyatsiya nasoslari va bosim kompensatori kabi hayotiy muhim tizimlar kiradi. Ushbu uskunalar majmuasi energoblokning xavfsiz va barqaror ishlashini taʼminlaydi.Hozirgi vaqtda Hindistonda Rossiya loyihasi asosida jami toʻrtta energoblokni qurish va ishga tushirish ishlari qizgʻin davom etmoqda. Taʼkidlash joizki, “Kudankulam” AESning dastlabki ikkita bloki oʻn yildan ortiq vaqtdan beri mamlakat iqtisodiyoti uchun barqaror elektr energiyasi yetkazib bermoqda va oʻzining ishonchliligini amalda isbotlagan.
Loyiha toʻliq quvvat bilan ishga tushirilgach, yaʼni oltita energoblok qurib bitkazilgandan soʻng, stansiya Hindiston janubidagi energetika tizimining asosiy tayanchiga aylanadi. Bu esa 72 million aholiga ega Tamil Nadu shtati va unga qoʻshni hududlarning energiyaga boʻlgan ehtiyojini qoplash, sanoat rivojini yangi bosqichga olib chiqish imkonini beradi.
Oʻzbekiston ham oʻzining energetika mustaqilligini taʼminlash yoʻlida atom energetikasini rivojlantirishni rejalashtirayotgan bir paytda, mintaqadagi va jahondagi bunday yirik loyihalarning borishi soha mutaxassislari uchun muhim tajriba maktabi boʻlib xizmat qiladi.






























Izohlar 0
…