2 903
«QQS imtiyozi beriladi». Deputatlarning samarasiz qonuni va hukumatning sukuti haqida
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bir guruh deputatlari Soliq kodeksiga qo‘shimchalar kiritish yo‘li bilan ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etishni taklif qildi. Ammo kutilgan natija o‘rniga iqtisodiyotga ko‘proq putur yetishi mumkin.
Deputatlar Komiljon Ernazarov, Maqsud Qurbonboyev va Abdug‘ani Umirov tashabbusi bilan Soliq kodeksiga o‘zgartish kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi parlament muhokamasiga kiritilgan. Ayni paytda qonun loyihasi quyi palata tasdig‘idan o‘tib, Senatga yuborilgan.
Mazkur qonun loyihasi bilan 2021 yil 1 yanvargacha O‘zbekiston Respublikasiga shakar, shu jumladan, shakar xom ashyosini, 2021 yil 1 iyulga qadar bo‘lgan davrda esa kartoshka, o‘simlik yog‘i, go‘sht, chorva mollarini tirik holda va ularni so‘yishdan olingan mahsulotlarni olib kirish, shuningdek, ularni realizatsiya qilish aylanmalari qo‘shilgan qiymat solig‘idan vaqtinchalik ozod qilish ko‘zda tutilmoqda.
Ushbu qonunni qabul qilishdan maqsad — ichki bozorda shakar, go‘sht, o‘simlik yog‘i va va kartoshka narxini pasaytirish. Amaldagi qonunlarga muvofiq, qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha soliq imtiyozlari faqat Soliq kodeksi orqali joriy etilishi belgilangan. Shu sababli, bir guruh deputatlar tashabbusi bilan «Soliq kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi va parlament hukmiga havola etildi.
Rossiya sobiq bosh vaziri Viktor Chernomirdin ta’kidlagandek, «har doim yaxshiroq bo‘lishi istadik, lekin doimgidek bo‘lib qoldi». Gap shundaki, qonun loyihasida kartoshka, o‘simlik yog‘i, go‘sht, chorva mollarini tirik holda va ularni so‘yishdan olingan mahsulotlari importiga QQS imtiyozi berilishi nazarda tutilgan. Shuningdek, ularning sotuvi ham QQSdan ozod etilishi mumkin. Ammo mahalliy ishlab chiqaruvchi o‘simlik yog‘iga xom ashyo, chorva boquvi uchun yem va kartoshkaga urug‘ni olib kirishi soliqqa tortilaveradi. Qonun o‘zgarishsiz qabul qilinsa, qanday o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi? Quyida bir necha ssenariyga yog‘-moy ishlab chiqarish misolida e’tibor qilamiz.
Ssenariy 1 – importyor ishlab chiqaruvchini «sindiradi»
Mahalliy ishlab chiqaruvchi yuqorida ko‘rsatilgan mahsulotlar bo‘yicha import tovar bilan kuchli raqobatga kirisha olmaydi. Sabab — narx va xom ashyo muammosi. Chunki ko‘rsatilgan tovarlarni tayyorlash uchun xom ashyo O‘zbekistonda serob emas. Masalan, yog‘-moy ishlab chiqaruvchi mahalliy tadbirkorlar Qozog‘iston va Rossiyadan kungaboqar pistasini xarid qilib, O‘zbekistonda yog‘ ishlab chiqaradi. Ular taxminan 500 so‘m narxdagi ustunlik bilan importga raqobat qila oladi. Yog‘ning sifati, qadoqlanishi va marketingi bo‘yicha esa masala yo‘q. Agar import tovar QQSdan ozod etilsa, bu uning tovari O‘zbekistonda 15 foizga (amalda QQS stavkasi) arzonlashishini anglatmaydi.
Magarki, narxda 400-500 so‘mlik farq bor va shuning uchun kurash bo‘larkan, QQSdan ozod etilgan importchi narxini birdan 2100 so‘mga (1 litr o‘simlik moyining O‘zbekistonga import qilinishi 14 ming so‘m bo‘lsa, qonun qabul qilingach, 2100 so‘mlik xarajat yo‘q bo‘ladi) pasaytirishini bildirmaydi. Importyor narxni 13 ming so‘m qilganda, QQSdan ozod etilgani uchun 1100 so‘m soliq xarajatini tejaydi, shuningdek, mahalliy raqobatchilarini bemalol mahv etadi. Xorijdan xom ashyoni QQS bilan import qilgan mahalliy ishlab chiqaruvchi uchun tovar realizatsiyasida QQS olib tashlanishi foyda bermaydi. Ular ustunlikdagi o‘sha 400-500 so‘mni, importchiga berib qo‘yadi. Tez orada O‘zbekiston yog‘-moy ishlab chiqarish sanoati tarixga aylanishi mumkin. Mamlakat oziq-ovqat xavfsizligi esa noma’lum kelajakka qadam qo‘yadi.
Ssenariy 2 – tovuq go‘shti va tuxum narxi baribir oshadi
Hech kimga sir emaski, kungaboqar pistasi qoldig‘i parranda uchun yem hisoblanadi. Ayni paytda mahalliy ishlab chiqaruvchilar import qilgan kungaboqarning qoldig‘i (shrot) ham mahalliy parranda fabrikalariga yem sifatida sotiladi. Bunda yog‘ ishlab chiqaruvchi tadbirkor shrotdan foyda ko‘rmagan taqdirda ham, undan boshqa maqsadda foydalanish imkoni yo‘qligi uchun, parranda fabrikasiga sotadi. Shu omil sabab bo‘lib, chetdan import qilingan shrot O‘zbekistonda belgilangan narxga dosh bermaydi.
Ammo qonun loyihasi Senatda ma’qullansa, mahalliy ishlab chiqaruvchilar kungaboqar importini keskin kamaytiradi. Bu tez orada tuxum va tovuq go‘shti narxida o‘z aksini beradi. Ya’ni bir sanoat yo tarmoqning boshqasiga ta’siri chuqur o‘rganilmay, qonun loyihasi ko‘r-ko‘rona qabul qilingan.
Ssenariy 3 – psixologik effekt
Mazkur qonun loyihasini qabul qilishdan maqsad narxni pasaytirish ekan, aholi tovarning narxi sezilarli tushishini kutadi. Ammo raqamlar kutilmaga mos emas. Masalan, 14 ming so‘mlik import yog‘ 500-1000 so‘mga arzonlashishi mumkin, ya’ni QQS narxga kuchli ta’sir qiluvchi omil emas. Aholining kutilmasi ro‘yobga chiqmagandan so‘ng, norozilik bosilmaydi.
Qolaversa, mahalliy ishlab chiqarish quvvati pasayib, iste’mol bozori import qo‘liga o‘tganda importchi tovarlar defitsitidan foydalanib, narxni oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Yuqori narx sharoitida mahalliy ishlab chiqaruvchilar yana «o‘yin»ga qo‘shiladi. Ammo endilikda narxni ortga qaytarish imkonsiz bo‘ladi.
Ssenariy 4 – barcha QQSdan ozod etiladi, ammo mavhumlik boshlanadi
Tasavvur qiling: yog‘-moy ishlab chiqaruvchilar import qiladigan xom ashyo ham QQSdan ozod etildi. Shu o‘rinda savol paydo bo‘ladi: paxta yog‘i uchun chigit ham QQSdan ozod etiladimi? Chigit sotadigan klaster-chi? Nazariyaga ko‘ra, QQS imtiyozi samara berishi uchun uning har ikki tomonidan zanjir uzilishi kerak. Iqtisodiyotda yana «imtiyozbozlik», yana nohalol raqobat bo‘y ko‘rsatishi mumkin.
Ssenariy 5 – lobbizm va qisqa muddatda qonunga o‘zgartish kiritiladi
Qonun loyihasi salbiy effekt berishini bilsa-da, parlament a’zolari uni qabul qilishi bir shubhani paydo qiladi. Deputatlar orasida paydo bo‘layotgan lobbistlar ayrim importchilar manfaatidan ushbu qonun loyihasini qabul qilgan bo‘lishi mumkin. Jamoatchilik tanqidi, bozordagi teskari effekt va noroziliklardan so‘ng, qonunga qisqa fursatda o‘zgartish kiritiladi. Ammo bu orada ayrim importchilar katta hajmdagi tovarni QQSdan ozod etilgan shaklda mamlakatga kiritib olishga muvaffaq bo‘ladi.
Yog‘ narxi nega oshgandi?
Ta’kidlangandek, mahalliy ishlab chiqarish xorijdan keltiriladigan xom ashyoga bog‘langan. Joriy yil yoz mavsumida Rossiyaning kungaboqar ekilgan maydonlarida kuchli qurg‘oqchilik kuzatildi. Kutilgan hosil paydo bo‘lmaslik xavfi bor. Hukumat zaxiradagi kungaboqar pistasini imkon qadar xorijga eksport qilmaslik taklifi bilan chiqdi. Bu yilgi hosil bo‘yicha aniq raqamlar yo‘q, bu oktabr yakunida ma’lum bo‘ladi. Shundan so‘ng, rus va qozoq fermerlari pista eksportini bemalol davom ettirishi mumkin. Unga qadar, fermerlar yuqori narxda, tavvakalchilikka qo‘l urmay, eksport qilishni ma’qul ko‘ryapti. Fermerlardagi hadik, Rossiya hukumatining eksportni tarif va notarif cheklovlar bilan nazoratga olishi o‘zbekistonlik tadbirkorlar faoliyatiga ta’sir qildi. Oqibatda, bozorda narx oshdi.
Xulosa qilib aytganda, iqtisodiyot siyosatchilarning faol aralashuvini xush ko‘rmaydi, bunga salbiy javob qaytaradi. Uni faqat bozor boshqarishi durust. Senatdan mazkur qonun loyihasini tanqidiy ko‘rib chiqishini so‘rab, faqat xalq manfaatini ustun qo‘yishini so‘rab qolaman.
Alisher Ro‘zioxunov “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi