
Rimning mashhur “Roma” klubi atrofida yana bir bor qizg‘in muhokamalar ketmoqda. Klaudio Raneri kambekidan so‘ng jamoa shiddat bilan o‘sib bormoqda. Taniqli mutaxassis 2024 yil noyabrida bosh murabbiy lavozimini qabul qilib, jadvalning pastki qismida bo‘lgan “bo‘rilar”ni bir necha oy ichida Yevropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashayotgan top jamoaga aylantirdi.
Raneri — transfersiz muvaffaqiyat formulasi
Joze Mourino davridagi katta xarajatlarga qaramay, kutilgan natija kelmagandi. Ammo Raneri bor tarkib bilan ishlashni afzal ko‘rdi va jarima maydonchasida tish-tirnog‘i bilan kurashadigan futbolchilarni o‘yinga to‘g‘ri yo‘naltirdi. Shu asosda klub 15 dekabrdan beri mag‘lubiyatsiz seriyani boshladi: 11 ta g‘alaba va 4 ta durang!
“Roma” – “Latsio” derbisi arafasida nima kutilayapti?
A Seriyaning 32-turi doirasidagi markaziy bahs – “Latsio” va “Roma” o‘rtasidagi derbi 13 aprel kuni “Olimpiko”da bo‘lib o‘tadi. Rasmiy mezbon sifatida “Latsio” qayd etilgan bo‘lsa-da, rimliklar uchun bu o‘yin ikki barobar ahamiyatga ega.
Mauritsio Iorio: “Shomurodov tushsa, o‘yin keskin o‘zgaradi!”
“Roma” safida 1982/83 mavsumda Italiya chempioni bo‘lgan sobiq hujumchi Mauritsio Iorio jurnalistlar bilan suhbatda jamoa hujumi haqida to‘xtalib o‘tdi:
“Lechche” va “Yuventus”ga qarshi gollar aynan Artyom Dovbik va Eldor Shomurodov birga harakat qilgan paytda kiritildi. Birga maydonga tushirish natija beryapti, ammo ularni derbida ilk daqiqalardan tushirish katta tavakkalchilik. Shomurodov maydonda paydo bo‘lishi bilan jamoa o‘yinida jonlanish yuz beradi. U to‘p uchun oxirigacha kurashadi, maydonda tayanch nuqtaga aylanadi.”
“Roma”ning hujumdagi imkoniyatlari va muammolari
Mauritsio Iorio Dovbikning jismoniy tayyorgarligiga ham alohida e’tibor qaratdi:
“Raqamlar uning darajasini ko‘rsatyapti, lekin Artyom Lukaku kabi jamoani oldinga yetaklashi kerak. Buni Raneri ham undan talab qilyapti. Hozircha Dovbik ko‘proq jarima maydonchasida to‘p kutib turibdi, Dibala yo‘qligida unga to‘p yetib bormayapti. Shu sabab Matias Sule va Lorenso Pellegrini ko‘proq faollik ko‘rsatishi shart. Ammo katta o‘yinlarda ular ham kutilgan darajada o‘ynay olmayapti.”
“Roma” to‘xtamasligi kerak!
“Bu derbi nafaqat g‘alaba, balki Yevropa Chempionlar ligasiga chiqish uchun kalit hisoblanadi. Oldimizda “Bolonya” singari jiddiy raqiblar bor. Agar Yevropaga yo‘l ochishni istasak, 13 apreldagi derbidan faqat g‘alaba bilan chiqishimiz shart!”
Eslatma:
“Latsio” – “Roma” derbisi 13 aprel kuni “Olimpiko” stadionida bo‘lib o‘tadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 23:45 da start oladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!