date

O‘zbekiston futzalchilari Indoneziyadagi Osiyo Kubogi yo‘llanmasiga ega chiqdi

O‘zbekiston futzalchilari Indoneziyadagi Osiyo Kubogi yo‘llanmasiga ega chiqdi

O‘zbekiston milliy futzal jamoasi 2026 yilgi Osiyo Kubogi saralash bosqichini munosib tarzda yakunladi. Qirg‘izistonda o‘tkazilgan F guruh uchrashuvlarida futzalchilarimiz kuchli va ta’sirli o‘yinlari bilan yana bir bor o‘z salohiyatini namoyon etdi.

Saralashning dastlabki ikki bahsida o‘zbekistonliklar raqiblarini yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratdi. Falastinga qarshi o‘yinda jamoamiz 7:1 hisobida yirik g‘alabaga erishdi. Shundan so‘ng Sharqiy Timor bilan kechgan bahsda ham aynan shunday hisob — 7:1 qayd etildi. Bu o‘yinlarda terma jamoa himoyada ishonchli, hujumda esa samarador o‘yini bilan ajralib turdi.

Shu bilan birga, saralashning hal qiluvchi uchrashuvida mezbon Qirg‘iziston terma jamoasiga qarshi bellashuv qizg‘in tarzda kechdi. Uchrashuvning ilk qismidayoq mezbonlar ustunlikni qo‘lga kiritishdi va o‘z imkoniyatlaridan unumli foydalanishdi. O‘zbekiston terma jamoasi oxirgi daqiqalarda qaytish uchun bor kuchini ishga soldi, Husniddin Nishonov va Ilhom Hamroyev tomonidan urilgan gollar hisobni qisqartirishga imkon berdi. Biroq asosiy vaqt 3:2 hisobida Qirg‘iziston foydasiga yakunlandi.

Futzal bo‘yicha Osiyo kubogi-2026 saralashi

O‘zbekiston – Qirg‘iziston 2:3

Gollar: Husniddin Nishonov 38, Ilhom Hamroyev 39 – Maksat Alimov 14, Samat Janat uulu 22, Kayrat Kubanichov 25.

Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi guruhda 6 ochko to‘plab, mezbonlardan keyingi ikkinchi o‘rinni egalladi va 2026 yilgi Osiyo Kubogiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Eslatib o‘tamiz, futzal bo‘yicha Osiyo Kubogi 2026-yilning 27-yanvari — 7-fevrali kunlari Indoneziyada o‘tkaziladi. Bu musobaqa nafaqat qit’adagi eng kuchli jamoalarning to‘qnashuvi, balki milliy terma jamoamizning yangi imkoniyatlarini namoyon qilish uchun ham muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston futzalchilari Indoneziyadagi Osiyo Kubogi yo‘llanmasiga ega chiqdi