
Joriy mavsumda O‘zbekiston nomidan xalqaro arenalarda ikki jamoa — "Nasaf" va "Andijon" ishtirok etib, mamlakat sharafini himoya qildi. Biroq mavsum yakuni ko‘plab muxlislar kutganidek bo‘lmadi.
O‘zbekiston chempioni sifatida maydonga chiqqan «ajdarlar» Elit Osiyo chempionlar ligasida qatnashdi. «Andijon» esa nufuzi jihatidan qit’ada ikkinchi darajada turadigan Osiyo chempionlar ligasi–2 musobaqasida ishtirok etdi. Ikki jamoa ham juda kuchli raqiblar to‘plangan guruhlarga tushib qoldi va bu holat natijalarga bevosita ta’sir ko‘rsatdi.
Qarshiliklar «Al-Ahli», «Al-Hilol», «Shabab Al-Ahli», «Al-Vahda», «Traktor» hamda «Al-Ittihod» kabi Osiyoning eng baquvvat klublariga qarshi bellashuvlarda kuch sinashdi. Afsuski, ushbu uchrashuvlarning barchasida mag‘lubiyatga uchrab, pley-off bosqichi uchun kurashish imkoniyatini yo‘qotdi. Natijada «Nasaf» O‘zbekiston chempionlari orasida OCHLda eng past ko‘rsatkich qayd etib, noxush antirekord muallifiga aylandi.
Statistika ham jamoa uchun qiyin kechgan mavsumni yaqqol ko‘rsatib turibdi: raqiblar bilan o‘tkazilgan bahslarda jamoa o‘z darvozasidan 15 ta to‘p o‘tkazib yubordi, javoban esa atigi 5 ta gol ura oldi. Oldinda «Al-Shorta» va «Sharja»ga qarshi uchrashuvlar bor, biroq hatto bu o‘yinlarda maksimal ochko jamg‘arilgan taqdirda ham guruhdan chiqish imkoni qolmagan.
«Andijon» esa «B» guruhida Qatarning «Al-Ahli», Turkmanistonning «Arkadag‘» va Bahraynning «Al-Xaldiya» jamoalari bilan raqobat qildi. Jamoa mag‘lubiyatlardan ko‘ra duranglarga ko‘proq yo‘l qo‘ydi: 6 turning 5 tasi durang bilan yakunlandi, faqat bir o‘yinda mag‘lubiyat qayd etildi. 5 ochko jamg‘argan «Andijon» guruhni so‘nggi — to‘rtinchi o‘rinda yakunladi. Guruhdan chiqish baxti esa «Al-Ahli» va «Arkadag‘» jamoalariga nasib etdi.
Xulosa qilib aytganda, ikki klubimiz hozircha 5 ochko jamg‘ardi. Bu ko‘rsatkich «Nasaf»ning qolgan o‘yinlarda ochko olishiga qarab biroz o‘zgarishi mumkin, ammo umumiy manzara allaqachon ma’lum.
Endi esa e’tibor kelasi mavsumga qaratilmoqda. Kelgusi yil xalqaro maydonlarda O‘zbekiston nomidan «Neftchi» va «Paxtakor» jamoalari ishtirok etadi. Muxlislar umidi esa bitta: qit’a arenalarida yanada ishonchli va munosib natijalar.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.