Angliya JCh oldidan Kosta-Rika bilan o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazadi

Angliya terma jamoasi jahon chempionati starti arafasida navbatdagi o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘yicha kelishuvga erishdi. The Mirror xabariga ko‘ra, britaniyaliklarning raqibi Kosta-Rika bo‘ladi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Uchrashuv 10-iyun kuni AQShda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Avvalroq angliyaliklar 6-iyun kuni Yangi Zelandiya bilan ham nazorat bahsida maydonga tushishi ma’lum qilingandi. Har ikki o‘yin Florida shtatidagi mashg‘ulot bazasiga yaqin hududda bo‘lib o‘tadi, biroq aniq stadion hali e’lon qilinmagan.
Angliya va Kosta-Rika hozirgacha ikki bor to‘qnash kelgan. 2018-yilda o‘rtoqlik bahsida Angliya Markus Reshford va Denni Uelbek gollari evaziga 2:0 hisobida g‘alaba qozongan, 2014-yilgi JCh guruh bosqichida esa jamoalar 0:0 hisobida durang o‘ynagan.
Tomas Tuhel qo‘l ostidagi jamoa 17-iyun kuni jahon chempionatidagi ilk uchrashuvini Xorvatiyaga qarshi o‘tkazadi. Mazkur guruhdan Gana va Panama ham o‘rin olgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!