Karlos Alkaras Laureus talqiniga ko‘ra yilning eng yaxshi sportchisi bo‘ldi

Karlos Alkaras jahon sportida yana bir muhim yutuqni qo‘lga kiritdi. Ispaniyalik tennischi nufuzli Laureus World Sports Awards 2026 taqdirlash marosimida «Yil sportchisi» nominatsiyasida g‘olib deb topildi. Bu eʼtirof uning so‘nggi mavsumdagi yuqori darajadagi natijalari va barqaror o‘yiniga berilgan munosib baho sifatida baholanmoqda.
Mazkur nufuzli marosim ketma-ket uchinchi bor Madrid shahrida o‘tkazildi va dunyo sportining eng yorqin namoyandalarini bir sahnaga jamladi. Alkaras ushbu nom uchun kuchli raqobat sharoitida kurash olib bordi.
U bilan bir qatorda nomzodlar ro‘yxatida Yannik Sinner, Usmon Dembele, Arman Dyuplantis, Mark Markes va Tadey Pogachar kabi sport yulduzlari ham bor edi. Bu esa g‘oliblik uchun raqobat qanchalik yuqori bo‘lganini ko‘rsatadi.
Taqdirlash marosimida Alkarasga sovrinni futbol olamining afsonaviy vakillari — Iker Kasilyas va Luish Figu topshirdi. Mazkur statuetka esa mashhur Cartier brendi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, u nafaqat sport, balki nufuz va eʼtirof ramzi hisoblanadi.
Qayd etish joiz, Laureus mukofoti nomzodlari jahon bo‘ylab 70 dan ortiq mamlakatdan 1000 ga yaqin sport jurnalistlari ovozi asosida shakllantiriladi. Bu esa ushbu mukofotning xolis va keng qamrovli baholash tizimiga ega ekanini anglatadi.
Alkarasning bu g‘alabasi uning jahon sportidagi o‘rnini yana-da mustahkamlab, kelajakdagi yangi yutuqlar uchun katta motivatsiya bo‘lib xizmat qiladi. Yosh bo‘lishiga qaramasdan, u allaqachon katta sahnada o‘z so‘zini ayta olganini yana bir bor isbotladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!