date

O‘zbekiston yosh bokschilari Osiyo chempionatida raqiblarni "yakson" qilmoqda

Ayni kunlarda Olimpiya shaharchasida boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati qizg‘in va murosasiz bahslar bilan davom etmoqda. Kechagi musobaqa dasturida O‘zbekiston kichik o‘smirlar terma jamoasining 10 nafar vakili ringga ko‘tarildi va ularning deyarli barchasi muxlislarga yuqori saviyadagi janglar taqdim etdi.

O‘zbekistonlik yosh charmqo‘lqop ustalari nafaqat g‘alaba qozonishdi, balki ko‘plab raqiblarini yirik hisoblarda mag‘lub etib, katta ishonch bilan yarim finalga yo‘l olishdi.

Birinchi bo‘lib ringga -33 kilogramm vazn toifasidagi Shamshod Komilov chiqdi. U Qirg‘iziston vakili Ariyet Urbayevga qarshi jang qildi. Vakilimiz dastlabki ikki raunddayoq ustunligini namoyon qildi va 5:0 hisobida peshqadam bo‘ldi. Uchinchi raundda esa raqibini nokdaun holatiga tushirib, yanada ishonchli harakat qildi. Yakunda Komilov yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

-37 kilogramm vazndagi Fayozbek Noraliyev ham juda ishonchli jang o‘tkazdi. U tojikistonlik Muhammad Qodirovga qarshi bahsda har uch raund davomida tezkor va aniq harakatlari bilan ajralib turdi. Hakamlar bir ovozdan g‘alabani o‘zbekistonlik sportchiga topshirdi — 5:0.

-40 kilogrammdagi Jasurbek Xayrullayev Iordaniya vakili Ali Salemga qarshi ringga ko‘tarildi. Qiziqarli va keskin kechgan jangda o‘zbekistonlik bokschi faolligi va aniq zarbalari evaziga 3:2 hisobida g‘alaba qozondi.

-43 kilogramm vaznda Adiz Ilhombekov mo‘g‘ulistonlik Uudam Enkxbat bilan kuch sinashdi. Murosasiz va tomoshabop kechgan bahsda Ilhombekov raqibiga mutlaqo imkoniyat qoldirmadi va 5:0 hisobida zafar quchdi.

-46 kilogrammdagi Mansur Abduhamidov ham eronlik Akam Fatxiga qarshi jangda ustunligini to‘liq namoyon qildi. O‘zbekistonlik sportchi butun bahs davomida tashabbusni qo‘ldan bermadi va 5:0 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi.

-49 kilogramm vaznda Sardor Omonboyev janubiy koreyalik Seng Yu Kangga qarshi ringga chiqdi. Raqib qarshilik ko‘rsatishga uringan bo‘lsa-da, Omonboyev har tomonlama ustun ekanini isbotladi va 5:0 hisobida yarim finalga chiqdi.

-52 kilogrammda Javohir Ne’matjonov qozog‘istonlik Ali Abdeliga qarshi jang qildi. Muxlislar tomonidan o‘ziga xos “klassiko” sifatida baholangan bahsda Ne’matjonovning aqlli va chaqqon harakatlari hal qiluvchi omilga aylandi. Hakamlar yana bir bor 5:0 hisobini qayd etishdi.

-55 kilogramm vaznda Boburmirzo Murodov Xitoy Taypeyi vakili Kun Chen Yun bilan ringga ko‘tarildi. O‘zbekistonlik bokschi raqibini ikkinchi raundning o‘zida texnik nokaut bilan mag‘lub etib, kunning eng yorqin g‘alabalaridan birini qayd etdi.

So‘nggi chorak final bahsida esa -58 kilogramm vaznda Abdulloh Karimjonov mo‘g‘ulistonlik Nomtoibayar Ganbayarga qarshi kuch sinashdi. Vakilimiz jangni juda faol va ishonchli tarzda o‘tkazib, 4:1 hisobida g‘alaba qozondi va yarim finalga chiqdi.

O‘zbekiston boks federatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, yosh bokschilarimiz musobaqada yuqori tayyorgarlik va katta ishonch bilan ishtirok etmoqda. Mutaxassislar fikricha, terma jamoaning hozirgi natijalari kelajakda O‘zbekiston boksi uchun yana yangi chempionlar yetishib chiqishidan darak bermoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston yosh bokschilari Osiyo chempionatida raqiblarni "yakson" qilmoqda