Husanov “Barselona” uslubiga to‘liq mos keladi — murabbiy

“Barselona” klubining Qirg‘izistonning Manas shahridagi akademiyasi murabbiyi, o‘zbekistonlik mutaxassis Rafael Muslimov “Manchester Siti” himoyachisi Abduqodir Husanovning kataloniyaliklar uslubiga mosligi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, Abduqodir Husanovda Xosep Gvardiola himoyachilarda yuqori baholaydigan barcha asosiy sifatlar mavjud: yuqori tezlik, jismoniy kuch, agressiv o‘yin uslubi, futbol intellekti va tez o‘rganish qobiliyati.
Murabbiy fikricha, bu sifatlar Husanovni Xosep Gvardiola tizimida muhim futbolchilardan biriga aylantirgan. Uning aytishicha, Gvardiola himoyachining kuchli jihatlarini yaxshi tushunadi va ularni taktik sxemada samarali qo‘llay oladi.
Muslimovning so‘zlariga ko‘ra, bunday o‘yin uslubida himoyachilar tez qaror qabul qilish, raqib hujumlarini to‘xtatish, bo‘sh hududlarni yopish va hujumni tezda qayta qurish kabi vazifalarni bajaradi. Husanov esa bu talablarni to‘liq bajara oladigan futbolchilardan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, mutaxassis Gvardiola uchun himoyachining o‘yinni oldindan o‘qish qobiliyati, to‘g‘ri pozitsiya tanlash va bosim ostida sovuqqon qaror qabul qilish juda muhim ekanini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov 2025 yil yanvar oyida Fransiyaning “Lans” klubidan “Manchester Siti”ga 40 million yevroga transfer qilingan. Hozirda u jamoaning asosiy futbolchilaridan biriga aylanib, himoya chizig‘ida muhim rol o‘ynamoqda.
Yevropa matbuoti esa o‘zbekistonlik futbolchining kelajagi “Chelsi”, “Real”, “Barselona” va “Bavariya” kabi top-klublar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ham ta’kidlab kelmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!