Erling Xoland Angliya Premer-ligasidagi raqiblarini ogohlantirdi

Manchester Siti hujumchisi Erling Xoland Angliya Premer-ligasining boshqa jamoalariga qarata keskin ogohlantirish bilan chiqdi. Norvegiyalik yulduz chempionlik poygasida Arsenal jamoasiga imkoniyat boy berilganidan soʻng, ushbu alamli magʻlubiyat keyingi mavsum uchun qoʻshimcha kuch boʻlishi kerakligini taʼkidladi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Manchester Siti jamoasining chempionlik uchun kurashi Bornmutga qarshi oʻyindagi durangdan soʻng rasman yakuniga yetdi. Vitaliti Stediumda kechgan bahsda 1:1 hisobi qayd etildi va bu natija 2025-26-yilgi mavsum tugashiga bir tur qolganda Arsenal jamoasining chempionligini matematik jihatdan naqd qildi. Erling Xoland soʻnggi daqiqalarda gol urib umid uygʻotgan boʻlsa-da, Pep Guardiola shogirdlari gʻalaba toʻpini kirita olishmadi.
Oʻyindan soʻng oʻz noroziligini yashirmagan Erling Xoland, jamoa ikkinchi oʻrin bilan kifoyalanmasligi kerakligini aytdi. "Biz gʻazabda boʻlishimiz kerak, ichimizda olov yonishi lozim, chunki bu natija biz uchun yetarli emas. Kelasi mavsumda ligada gʻolib chiqish uchun qoʻlimizdan kelgan barcha ishni qilamiz", — dedi hujumchi City Studios nashriga bergan intervyusida.
Shuningdek, Erling Xoland Chelsi jamoasiga qarshi kechgan Angliya kubogi finalidan soʻng tiklanish qiyin boʻlganini tan oldi. Uning soʻzlariga koʻra, Uembli stadioni va finallardagi hissiy bosim Bornmutga qarshi oʻyinda oʻz taʼsirini koʻrsatgan. Shunga qaramay, u buni bahona sifatida koʻrsatmaslikka chaqirdi.
Manchester Siti jamoasi ushbu mavsumni Angliya kubogi va Karabaou kubogi gʻolibi sifatida yakunlamoqda. Erling Xoland ikki sovrin muhimligini, biroq klubning asosiy maqsadi har doim Angliya Premer-ligasi boʻlib qolishini qoʻshimcha qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!