Kylian Mbappe JCh-2022 finalini nima uchun qayta koʻrmasligini aytdi

Fransiya terma jamoasi sardori Kylian Mbappe Argentina bilan boʻlib oʻtgan JCh-2022 finalidagi magʻlubiyatni hali ham unuta olmayotganini tan oldi. Real Madrid yulduzi Qatardagi oʻsha dramatik bahsda tarixiy xet-trik qayd etgan boʻlsa-da, oʻyinni qayta tomosha qilish ruhiy jarohatlarni yangilashi mumkinligidan xavotirda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Dohadagi finalda Fransiya 3:3 hisobidagi durangdan soʻng penaltilar seriyasida 4:2 hisobida magʻlub boʻlgan edi. Oʻshanda 23 yoshda boʻlgan hujumchi ketma-ket ikkita finalda oʻynagan eng yosh futbolchiga aylandi va uchta gol urib ham magʻlub boʻlgan yagona oʻyinchi sifatida tarixda qoldi. U turnirning "Oltin butsa" sovrinini qoʻlga kiritgan boʻlsa-da, jamoaviy muvaffaqiyatsizlik shaxsiy rekordlardan ustun keldi.
Sorare nashriga bergan intervyusida Kylian Mbappe oʻsha uchrashuv haqida shunday dedi: "Barcha davrlarning eng buyuk finalimi? Menimcha, tomoshaboplik, ssenariy va kutilmagan burilishlar borasida unga teng keladigani yoʻq. Hammasi penaltilar bilan tugadi — bu har qanday futbolchi uchun eng shafqatsiz yakun".
Hujumchi oʻyinni qayta koʻrishdan bosh tortishini quyidagicha izohladi: "Bu yo Lionel Messi uchun ilk jahon chempionligi, yoki Fransiya uchun ketma-ket ikkinchi gʻalaba boʻlishi kerak edi, shuning uchun u har qanday holatda tarixiy edi. Men oʻyinni qayta koʻrdimmi? Hech qachon! Agar buni qilsam, ichimdagi 'demonlar' (yomon xotiralar) uygʻonib ketishi mumkin deb oʻylayman".
Lusail stadionidagi oʻsha oʻyinda Kylian Mbappe 95 soniya ichida dubl qayd etib, Didier Deschamps jamoasini magʻlubiyatdan qutqarib qolgan edi. Uning 81-daqiqada urgan tenglashtiruvchi goli soatiga 123,34 km tezlikda harakatlanib, butun turnirning eng kuchli zarbasi sifatida qayd etilgan.





























Izohlar 0
…