Real Madrid Julian Alvarez uchun 150 million yevrolik taklif yubordi

Real Madrid klubi oʻz tarixidagi rekord darajadagi 150 million yevrolik taklif Atletiko Madrid tomonidan rad etilganini rasman tasdiqladi. Ushbu kutilmagan bayonot klub prezidenti Florentino Perez oʻz saylovoldi kampaniyasida vaʼda qilgan "sirli Galaktiko" kim ekanligiga oydinlik kiritdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Klub tomonidan eʼlon qilingan rasmiy xabarda shunday deyiladi: "Real Madrid C. F. bugun boʻlib oʻtgan Direktorlar kengashi yigʻilishidan soʻng, Club Atlético de Madrid jamoasiga Julián Álvarez transferi boʻyicha 150 million yevrolik taklif yuborganini maʼlum qiladi. Atletiko Madrid ushbu taklifni koʻrib chiqib, minnatdorchilik bildirdi, biroq futbolchining tovon puliga tayanib, uni rad etdi".
Florentino Perez prezidentlikka qayta saylanganidan soʻng, jamoani kuchaytirish uchun katta mablagʻ sarflashga vaʼda bergan edi. U avvalroq bergan intervyusida Chempionlar ligasining yirik klubidan bir futbolchi uchun rekord summa taklif qilinishini, u Erling Xoland emasligini va Angliya Premer-ligasida oʻynamasligini taʼkidlagan edi.
Maʼlumotlarga koʻra, Julián Álvarez shartnomasida 500 million yevrolik tovon puli koʻrsatilgan boʻlsa-da, ayrim Chempionlar ligasi klublari uchun bu summa 150 million yevro atrofida boʻlishi mumkinligi haqida bandlar mavjud. Avvalroq Barselona ham ushbu hujumchi uchun 100 million yevro taklif qilib, rad javobini olgan edi.
Shuningdek, Real Madrid asosiy jamoa murabbiyi Alvaro Arbeloa ketganini ham tasdiqladi. Bu esa Joze Mourinyo jamoaga qaytishi haqidagi mish-mishlarni yanada kuchaytirmoqda. Madridliklar Arbeloaga qilgan xizmatlari uchun minnatdorchilik bildirib, alohida bayonot eʼlon qilishdi.































Izohlar 0
…