Plastmassa protsessor va soxta chiplar: Bozorlarda GeForce RTX 4090 mulajlari paydo boʻldi

Dunyo bozorida yuqori unumdorlikka ega videokartalarga boʻlgan talab ortib borayotgan bir paytda, firibgarlar yangi turdagi aldov usullarini oʻylab topishmoqda. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, NVIDIA kompaniyasining eng kuchli grafik protsessorlaridan biri hisoblangan GeForce RTX 4090 modelining tashqi koʻrinishi aslidan farq qilmaydigan, ammo ichki qismi butunlay yaroqsiz boʻlgan soxta nusxalari sotuvga chiqdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Xitoyning Bilibili platformasidagi texnoblogerlardan biri ushbu holat haqida batafsil maʼlumot berdi. Unga koʻra, xaridorlardan biri ASUS brendi ostidagi GeForce RTX 4090 videokartasini sotib olgan. Qurilmaning tashqi qobigʻi, ogʻirligi, quvvat ulagichlari va hatto markirovkalari shubha uygʻotmagan. Biroq, videokarta kompyuterga ulanganda ishlamaganidan soʻng, uning sovutish tizimi ochib koʻrilgan va haqiqiy manzara namoyon boʻlgan.
Plastmassa chip va 2030-yilda ishlab chiqarilgan detallar
ixbt.com maʼlumotiga koʻra, videokartaning ichki qismida haqiqiy AD102 grafik protsessori oʻrniga lazerni oʻyish usulida belgi tushirilgan oddiy plastmassa boʻlagi oʻrnatilgan. Eng qizigʻi, firibgarlar markirovka masalasida ham xatoga yoʻl qoʻyishgan: qurilmadagi sana uning 2030-yilda ishlab chiqarilganini koʻrsatib turibdi. Bu esa ishlab chiqarish jarayonidagi oddiy eʼtiborsizlik emas, balki xaridorlarni ochiqchasiga aldashga urinishdir.Bundan tashqari, videokarta platasidagi xotira chiplari ham yaroqsiz yoki brak mahsulotlar ekani aniqlangan. Ushbu holat avvalgi firibgarlik sxemalaridan keskin farq qiladi. Ilgari jinoyatchilar eski videokartalarning BIOS dasturini oʻzgartirib, ularni yangi model sifatida taqdim etishardi. Bunday holatda xaridor kamida ishlaydigan, ammo quvvati pastroq qurilmaga ega boʻlardi. Hozirgi holatda esa xaridorlar katta mablagʻ evaziga shunchaki plastik mulajni qoʻlga kiritishmoqda.
Sunʼiy intellekt bumu va xavfsizlik choralari
Ekspertlarning fikricha, bunday soxta mahsulotlarning koʻpayishi bevosita sunʼiy intellekt (AI) texnologiyalarining rivojlanishi va NVIDIA chiplariga boʻlgan global tanqislik bilan bogʻliq. GeForce RTX 4090 kabi kuchli qurilmalar nafaqat geymerlar, balki neyrotarmoqlar bilan ishlovchi mutaxassislar uchun ham zaruriy vositaga aylangan. Yuqori talab va cheklangan taklif firibgarlar uchun qulay sharoit yaratmoqda.Oʻzbekiston bozorida ham videokartalar narxi sezilarli darajada yuqori ekanini hisobga olsak, mahalliy xaridorlar uchun ham ehtiyotkorlik choralari muhim ahamiyatga ega. Mutaxassislar shubhali onlayn doʻkonlar va oʻta past narxlardan qochishni, mahsulotni faqat rasmiy dilerlardan yoki kafolatga ega boʻlgan ishonchli sotuvchilardan xarid qilishni tavsiya etadilar.
Shuningdek, videokartani sotib olayotganda uni joyida maxsus dasturlar (masalan, GPU-Z) yordamida tekshirib koʻrish, imkon boʻlsa, qurilmaning seriya raqamini ishlab chiqaruvchi sayti orqali tekshirish lozim. Aks holda, tashqi koʻrinishi mukammal, ammo ichi boʻsh boʻlgan qimmatbaho "oʻyinchoq" qurboniga aylanish hech gap emas.






























Izohlar 0
…