Angliyada uch yoshli bola timsohlar qafasiga tashlab yuborildi

Angliyaning markaziy qismida joylashgan hayvonot bog‘ida daxshatli voqea sodir bo‘ldi. Uch yoshli bola timsohlar saqlanadigan qafas ichiga tushib ketib, og‘ir jarohat oldi. Ushbu holat yuzasidan politsiya 30 yoshli erkakni qotillikka urinish gumoni bilan hibsga oldi. Bu haqda Reuters agentligi Kembrijshir politsiyasi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea Hantingdon shahri yaqinidagi Johnsons of Old Hurst hayvonot bog‘ida sodir bo‘lgan. Xabar kelib tushishi bilan xodimlar va tezkor xizmat vakillari voqea joyiga zudlik bilan yetib kelgan.
Jarohat olgan bola shoshilinch ravishda shifoxonaga olib ketilgan. Hozirda uning ahvoli og‘ir bo‘lsa-da, barqaror ekani aytilmoqda.
Detektiv inspektor Veriti Makkannning ma’lum qilishicha, hozirda tergovchilar voqea tafsilotlarini aniqlash maqsadida o‘sha vaqtda hayvonot bog‘ida bo‘lgan guvohlar bilan suhbat o‘tkazmoqda.
«Hibsga olingan erkak va bola bir-birini tanigan deb hisoblamaymiz», — dedi u.
Hozircha Johnsons of Old Hurst hayvonot bog‘i rahbariyati ushbu voqea yuzasidan rasmiy izoh bermagan.
Muassasa rasmiy saytida keltirilishicha, mazkur maskan oilaviy ferma hisoblanib, u yerda tabiatni muhofaza qilish dasturlari doirasida timsohlar parvarish qilinadi.
Ayni paytda politsiya bolaga hayvonlar hujum qilgan yoki qilmaganini ham o‘rganmoqda. Surishtiruv ishlari davom etmoqda.






























Izohlar 0
…