Fayzullayev: «Bu bizning bor salohiyatimiz emas, yaxshiroq o‘ynay olamiz»

O‘zbekiston milliy terma jamoasi vingeri Abbosbek Fayzullayev Jahon chempionatidagi muvaffaqiyatsiz ishtirokdan so‘ng o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Mundialda tarixiy ilk golimizga mualliflik qilgan futbolchi ochkosiz yakunlangan turnir haqida gapirarkan, natijadan mutlaqo qoniqmaganini yashirmadi.
«Jahon chempionatida o‘ynashning o‘zi yetarli emas»
Musobaqada ishtirok etish orzusi ushalgani haqidagi savolga Abbosbek juda qat’iy javob qaytardi:
«Jahon chempionatida o‘ynadik, ammo buning o‘zi yetarli emas. Men g‘alaba qozonishni xohlayman. Buni uddalay olmadik.
Hozir juda charchaganman. Umid qilamanki, keyingi jahon chempionatiga ham chiqamiz va u yerda g‘alabalarga erishamiz».
«Bu bizning bor kuchimiz emasdi»
Fayzullayev jamoaning asl kuchi bundan ancha yuqori ekanini va mag‘lubiyatlarga qaramay, tarkib katta potensialga egaligini ta’kidladi:
«Yo‘q, bu bizning bor salohiyatimiz emas. Biz nimalarga qodir ekanimizni bilamiz. Yaxshiroq futbol o‘ynay olamiz».
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixidagi ilk Jahon chempionatini guruh bosqichidagi uchala uchrashuvdagi mag‘lubiyat va 2:11 to‘plar farqi bilan yakunladi. Abbosbek va jamoadoshlarining bu alamli tajribasi kelasi mundiallar uchun katta dars va motivatsiya bo‘lishiga umid qilamiz.































Izohlar 0
…