Kruzeyro hujumchisining taqdimotdagi noqulay vaziyati ijtimoiy tarmoqlarni lunj qildi

Neom klubidan Kruzeyroga ijara asosida o'tgan 23 yoshli hujumchi Luchiano Rodrigesning taqdimot marosimidagi noqulay vaziyati ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. U sevgilisi, model Antonela Chavalyani quchoqlab, o'pmoqchi bo'lganida, qiz sahnadan shoshilib chiqib ketgan va futbolchi omma oldida dovdirab qolgan.
Futbol olamida yangi jamoaga oʻtish marosimlari koʻpincha yorqin xotiralar va quvonchli lahzalarga boy boʻladi. Biroq Saudiya Arabistonining Neom klubidan Braziliyaning Kruzeyro jamoasiga ijara asosida koʻchib oʻtgan hujumchi Luchiano Rodriges uchun bu kun kutilmagan sharmandalik bilan yodda qoladigan boʻldi. Goal.com xabar berishicha, 23 yoshli urugvaylik futbolchining rasmiy taqdimot marosimidagi bir lavha ijtimoiy tarmoqlarda zudlik bilan ommalashib ketdi va qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Kruzeyro safiga qoʻshilib, shartnoma imzolaganidan soʻng sahna uzra muxlislar va OAV vakillari qarshisiga chiqqan Luchiano Rodriges yoniga oʻzining sevgilisi, model Antonela Chavalya ham tashrif buyurdi. Ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi tufayli koʻpchilik tomonidan «Urugvaylik Kim Kardashyan» deb ataladigan modelning marosimdagi harakati barchani ajablantirdi. Futbolchi sevgilisini quchoqlab, uning yuzidan oʻpishga harakat qilgan vaqtda, qiz toʻsatdan sahnadan shoshilib chiqib ketdi.
Natijada Luchiano Rodriges omma oldida noqulay ahvolda qolib, oʻzini yoʻqotib qoʻydi va vaziyatni yumshatishga urinib, boshini qashlagan holda javdirab qoldi. Ushbu videolavha qisqa fursat ichida internet tarmogʻida keng tarqalib, millionlab tomoshabinlar eʼtiborini tortdi. Muxlislar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari juftlik oʻrtasida jiddiy kelishmovchilik yuzaga kelgani haqida turli taxminlarni ilgari surishdi.
Ijtimoiy tarmoq yulduzining tushuntirishi
Internetda avj olgan qizgʻin muhokamalardan soʻng, 170 mingdan ortiq obunachiga ega boʻlgan Antonela Chavalya yuzaga kelgan tushunmovchilikka oydinlik kiritishga majbur boʻldi. U juftlik oʻrtasida hech qanday ziddiyat yoʻqligini qatʼiy taʼkidlab, oʻzining qiligʻini katta futbol klubidagi yuqori bosimli muhit bilan izohladi.Model oʻz bayonotida vaziyatni quyidagicha izohladi: «Men sahnaga kirganimda uni tabrikladim, chiqqanimda эsa juda hayajonlanib ketgandim. Bu lahza meni oʻz domiga tortib oldi va men unga biroz joy qoldirishni maʼqul koʻrdim. Bu yerda hech qanday hurmatsizlik yoki odamlar oʻylagandek boshqa salbiy holat boʻlgani yoʻq».
Kruzeyro va oldindagi sinovlar
Kruzeyro muxlislari maydon tashqarisidagi bu kabi mayda koʻngilsizliklar Luchiano Rodrigesning oʻyiniga salbiy taʼsir koʻrsatmasligiga umid qilishmoqda. Hozirgi kunda Braziliya chempionati turnir jadvalida beshinchi oʻrinni egallab turgan jamoa peshqadam Palmeyrasdan 15 ochko ortda qolmoqda. Urugvay terma jamoasining jahon chempionati uchun 23 kishilik kengaytirilgan tarkibiga kira olmaganiga qaramasdan, Rodriges oʻz faoliyatida yangi sahna ochishni maqsad qilgan.Avvalroq Sanderlend klubining ham qiziqishlar doirasida boʻlgan hujumchi Janubiy Amerikaning eng raqobatbardosh chempionatlaridan birida oʻzini sinab koʻrish uchun Braziliyani tanladi. Uning yangi jamoadagi debyuti juda tez fursatlarda, yaʼni shu hafta sodir boʻlishi mumkin. Kruzeyroni oldinda Braziliya futboli uchun muhim boʻlgan va kuchli raqiblardan biri – Flamengoga qarshi Kopa Libertadores turnirining qizgʻin bahsi kutib turibdi.






























Izohlar 0
…