Maykl Peyj Misfits Boxing bilan tuzilgan shov-shuvli shartnoma tafsilotlarini oshkor qildi

Maykl Peyj Misfits Boxing bilan tuzilgan shov-shuvli shartnoma tafsilotlarini oshkor qildi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Maykl Peyj Misfits Boxing bilan tuzgan yangi shartnomasi bo‘yicha moliyaviy jihatdan UFC'dagi daromadidan ikki barobar ko‘p pul ishlashini ma’lum qildi.
  • Ushbu kelishuv atigi 3 ta jangni o‘z ichiga oladi, biroq Peyjning aytishicha, bu janglardagi gonorari UFC'dagi umumiy daromadidan oshadi.
  • U, shuningdek, UFC'ning jangchilarni cheklashi va ijodkorlikka yo‘l qo‘ymasligidan noroziligini bildirgan.

Angliyalik 39 yoshli mashhur jangchi Maykl Peyj UFC bilan xayrlashganidan so‘ng shov-shuvli bayonot bilan chiqdi. Sentyabr oyida o‘zbekistonlik sportchi Nursulton Ro‘ziboyev ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin tashkilot bilan yo‘llari ajrashgan tajribali sportchi endilikda faoliyatini Misfits Boxing promoushenida davom ettiradi.

Yahoo nashriga intervyu bergan Peyjning ta’kidlashicha, yangi ligadagi moliyaviy shartlar dunyoning eng yetakchi MMA tashkiloti taklif qilganidan sezilarli darajada yuqori bo‘lib chiqdi.

«Kamroq jang va ikki barobar ko‘proq gonorar»

Maykl Peyj yangi shartnomasi bo‘yicha aniq raqamlarni oshkor qilmagan bo‘lsa-da, kelishuv moliyaviy tomondan bir necha barobar foydaliroq ekanini ochiqladi:

  • Moliyaviy o‘sish: «Men UFC'dan ketdim va kamroq vaqt ichida ko‘proq — taxminan ikki baravar ko‘proq pul ishlayman», — dedi sportchi;

  • 3 ta bahs yetarli: Yangi shartnoma bor-yo‘g‘i 3 ta jangga mo‘ljallangan. Peyjning so‘zlariga ko‘ra, aynan shu uchta bahsda u UFC'dagi butun faoliyati davomida ishlab topgan jami daromadidan ham ko‘proq pul oladi;

  • Minnatdorlik: «Bu juda yoqimli. Faoliyatim davomida ko‘p mehnat qildim va bunga to‘liq loyiqman deb hisoblayman, shu bois hozirgi holatimdan minnatdorman», — deya qo‘shimcha qildi u.

UFC rahbariyatiga e’tirozlar: «Jangchilarni cheklab qo‘yishadi»

Peyj 2024 yilda UFC safiga qo‘shilgan va oktagonda 6 ta jang o‘tkazib, 5 tasida g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘lgan edi. Biroq promoushen siyosati uni qanoatlantirmagan:

  • Ijodkorlikka to‘siq: Sportchining aytishicha, liga rahbariyati uning o‘ziga xos noodatiy va tomoshabop uslubini (ijodkorligini) cheklagan hamda qiziqarli, katta janglarni tashkil qilib bermagan;

  • Liga siyosati tanqidi: «Mening nazarimda, bu sharmandalik. Menimcha, UFC o‘z jangchilari uchun ancha ko‘proq ish qilishi, ularni ko‘proq qo‘llab-quvvatlashi mumkin edi», — deb ta’kidladi angliyalik faxriy;

  • MMA giganti ekanini tan olish: Shunga qaramay, u liganing mavqeini kamsitmadi: «Qanday bo‘lmasin, sizga yoqadimi yoki yo‘qmi, ular aralash yakkakurashlar bo‘yicha jahondagi eng yirik tashkilotdir. Ularni qadrlash kerak, u yerda chindan ham yuqori iqtidorli jangchilar to‘plangan».

Maykl Peyjning boks yo‘nalishiga o‘tishi va Misfits Boxing safiga qo‘shilishi uning muxlislari uchun yangi qiziqarli to‘qnashuvlarni va’da qilmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar