23:04 / 22.07.2019
3 021

Shoxruh Gadoyevni Janubiy Koreyadan ketishga nima majbur qildi?

Shoxruh Gadoyevni Janubiy Koreyadan ketishga nima majbur qildi?
Yaqinda Janubiy Koreyada to‘p surayotgan hamyurtimiz Sanjar Tursunovning «Tedjon Sitizen» klubini tark etgani to‘g‘risida xabar bergandik. Shundan so‘ng ushbu klubdagi yana bir hamyurtimiz Shoxruh Gadoyevning ham «Tedjon Sitizen»dagi faoliyatiga yakun yasaldi.

O‘tgan yili Koreyaga ko‘chib o‘tgan va bir yil davomida faoliyat olib borgan yarim himoyachimiz o‘z rejalarini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi. Vaholanki, yaqinda Gadoyev bilan suhbatlashganimizda hali hamon Koreyadagi maqsadlari katta ekanligi haqida ma’lum qilgandi. Ammo endilikda voqealar rivoji o‘zgarib ketdi. Kuni kecha o‘zi bilan bog‘lanib, klubdan ketishining sabablarini bilishga qiziqdik.

- Albatta, bizning Janubiy Koreyadagi rejalarimiz katta edi. Lekin bu – futbol. Unda har xil natijalar bo‘lishi mumkin. Aytmoqchimanki, to‘satdan g‘alabali o‘yinlarimiz kamayib qoldi. O‘zingiz ham bilasiz, baribir futbolda iste’fo degan tushunchalar bor. Xullas, natijalar u qadar yaxshi bo‘lmaganidan so‘ng rahbariyat bosh murabbiyni almashtirishga qaror qildi. Nafaqat murabbiylar balki, klubdagi boshqa tizimda ishlayotgan insonlar ham almashtirib yuborildi.

Shu tariqa, klubga yangi murabbiy keldi. Albatta, biz ushbu mutaxassisga ham o‘zimizni ko‘rsatish uchun harakat qildik. Biroq u bizni qanday qabul qildi, buni tushunmay qoldik. Natijada uning bizga nisbatan munosabati va e’tibori o‘zgardi. Umuman aytganda, murabbiyning boshidanoq bizga bo‘lgan e’tibori boshqacha edi. Natijada ikki tomon o‘zaro kelishgan holda klub bilan do‘stona xayrlashishga qaror qildik.

Agar u yerda qoladigan bo‘lsam, o‘yin amaliyotimiz yanada kamayib ketgan bo‘lardi va shunday jarayon boshlangandi ham. To‘g‘ri, bemalol klubda qolishimiz ham mumkin edi. Chunki amalda yana shartnomamiz bor edi. Ammo biz klub bilan gaplashdik va shartnomani bekor qildik. O‘ynamasdan yuraverishni esa o‘zimizga ep ko‘rmadik. Futbolchiga doim o‘yin amaliyoti zarur. Quruq mashg‘ulot o‘tkazib yurgandan esa foyda yo‘q.

Shuningdek, futbolchimizdan «Tedjon Sitizen»ni qanday holatda tark etdingiz deya so‘raganimizda shunday dedi:
- Klub bilan o‘rtamizda sira xafagarchilik va afsuslanarli holatlar bo‘lmadi. Chunki men o‘ynashim kerak edi. Zaxirada o‘tirish uchun bormaganman. Shuning uchun ketdim. Bir so‘z bilan aytganda, Koreyadagi faoliyatimdan ko‘p narsa o‘rgandim. Har taraflama foydali bo‘ldi deb ayta olaman.

Xo‘sh, endi Gadoyev faoliyatini qayerda davom ettiradi? Unga takliflar bo‘lishi tabiiy. Shu bilan birga uning yana O‘zbekiston chempionatiga qaytishi mumkinligi haqida ham xabarlar yo‘q emas. Bularga esa o‘zidan javob eshitamiz.

- Hali bu haqida o‘ylab ko‘rganim yo‘q. Ayni paytda ta’tildaman. Qayerda davom ettirishimni vaqt ko‘rsatadi. Balki tez kunlarda keyingi faoliyatimni qayerda davom ettirishim borasida bir to‘xtamga kelishim ham mumkin. Xudo xohlasa, yana xorijda to‘p surish niyatim bor.

Shuningdek, uning «Bunyodkor» klubiga o‘tishi mumkinligi borasida ham xabarlar yo‘q emasdi. Bunga esa quyidagicha javob berdi:
- Hali hech qayerga o‘tganim yo‘q. Boya aytganimdek, dam olyapman. Hozircha biror-bir klub bilan kelishuvga erishganimiz yo‘q. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.
Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shoxruh Gadoyevni Janubiy Koreyadan ketishga nima majbur qildi?