16:55 / 15.06.2021
2 269

Alisher Nikimbayev Saudiyaga qarshi o‘yin oldidan O‘zbekiston MTJning ustunligi haqida gapirdi


Bugun bo‘ladigan Saudiya Arabistoni - O‘zbekiston uchrashuvidan oldin futbol jamoatchiligi o‘z fikrlarini bildirmoqda. Taniqli mutaxassis Alisher Nikimbayev SPORTS.uz saytiga bellashuvdan avvalgi qarashlarini bayon etdi.

- Bu saralash payti 1999 yilda terma jamoamiz Osiyo kubogi saralashida qatnashgan va shunga o‘xshash vaziyat bo‘lgani yodimga tushdi. Birinchi ikkita uchrashuv - Bangladesh va Shri-lankani oson yutganmiz. Keyin Hindistonga qarshi juda qiyin o‘yin bo‘lgan. Balki Yaman bilan o‘yin kabidir. Hattoki hindlar 2:0 hisobida yutayotgandi. Keyin raqib darvozaboni jarohat olgan, futbolchilarimiz zaxiradan tushib, gollar urgan. Yakunda g‘alaba qozondik - 3:2.

Oxirgi bahs - BAAga qarshi bellashuvdan oldin (turnir Al Aynda bo‘lgan) o‘yin qiyin kechishini taxmin qilgandik. Shunday ham bo‘ldi. Biz 90 daqiqa himoyalanganmiz. O‘sha bellashuvda Mirjalol Qosimov hujumchi Maksim Shatskixga pas bergandi, u darvozani ishg‘ol qilgan. Yakunda 1:0 hisobida zafar quchib, Osiyo kubogiga chiqqanmiz. Chempionatda nima yuz bergani boshqa tarix, lekin aytmoqchi bo‘lganim saralashni yaxshi boshlaganmiz.

Futbolda doim ham yaxshi o‘ynagan jamoa yutmaydi. Chunki tartibli o‘yin tajribadan ustun kelishi mumkin. Tartibli o‘yin va futbolchilar borini bersa, g‘alaba qozonsa bo‘ladi. To‘g‘ri, Saudiyaga qarshi bahsda bizni faqat 3 ochko qoniqtiradi. Shu bois 1999 yilga o‘xshaydigan holat.

Hozir men o‘yin haqida gapirmoqchi emasman. Bu borada juda ko‘p odam fikr bildiradi. Men birinchi navbatda, futbolchilarning shijoati va mahorati borasida so‘z yuritmoqchiman. Ularning ba’zilari uchun bu oxirgi saralash bahslariga aylanishi mumkin. Shu bois bu so‘nggisiga aylanmasligi uchun barcha mahoratni ishga solib, g‘alaba qozonishimiz lozim.

Vakillarimizda shunday mahorat borki, kerakli pallada o‘zini ko‘rsatishga imkoniyati yetadi. Men g‘alabaga ishonaman. Asosiy ustunligimiz - mahoratimiz va shijoatimiz, - dedi Alisher Nikimbayev.

Bekzod Isayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Alisher Nikimbayev Saudiyaga qarshi o‘yin oldidan O‘zbekiston MTJning ustunligi haqida gapirdi