Joao Cancelo Cristiano Ronaldo va Neymar himoyasiga chiqdi: "Ular hech kimga hech narsani isbotlashi shart emas"

Portugaliya terma jamoasi himoyachisi Joao Cancelo jahon chempionati doirasidagi tanqidlar markazida qolayotgan jamoadoshi Cristiano Ronaldo va Braziliya yulduzi Neymar haqida oʻz fikrlarini bildirdi. Tajribali himoyachining taʼkidlashicha, har ikki futbolchi allaqachon futbol tarixida oʻchmas iz qoldirib boʻlgan va ularning mahoratiga shubha bilan qarash asossizdir. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Soʻnggi vaqtlarda OAVda Cristiano Ronaldoning oʻyin surʼati pasaygani va Neymarning jarohatlar sababli uzoq vaqt maydonga tushmagani keskin muhokama qilinmoqda. Biroq Joao Cancelo bu kabi salbiy munosabatlarni shunchaki "shou" deb atadi. Uning soʻzlariga koʻra, futbolchilarning erishgan yutuqlari har qanday tanqiddan ustun turadi.
"Neymar yoki Cristiano hech kimga hech narsani isbotlab berishi kerak deb oʻylamayman. Ularning isteʼdodi va futbolda erishgan natijalari oʻzlari uchun gapirib turibdi. Bu barcha gap-soʻzlar shunchaki shov-shuv uchun xolos. Ham Cristiano, ham Neymar oʻzlarining kim ekanliklarini va oʻz mamlakatlari uchun nimani anglatishini juda yaxshi bilishadi", — deya Cancelo soʻzlarini keltirmoqda Goal.com nashri.
Tarixiy natijalar va jarohatlar soyasidagi tanqidlar
Cristiano Ronaldo yaqinda Lionel Messi bilan bir qatorda oltita jahon chempionatida ishtirok etgan kam sonli futbolchilardan biriga aylandi. Shuningdek, u 2003-yildagi debyutidan buyon 143 ta gol urib, xalqaro miqyosda erkaklar oʻrtasida barcha davrlarning eng yaxshi toʻpurari boʻlib turibdi. Neymar esa 128 oʻyinda 79 ta gol bilan Braziliya terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi mergan hisoblanadi.Shunga qaramay, Neymar 2023-yilning oktyabr oyida olgan ogʻir jarohatidan soʻng uzoq vaqt davolandi. Koʻplab mutaxassislar uning jismoniy holati avvalgi darajada emasligini aytib, Braziliya terma jamoasiga chaqirilishini savol ostiga olishgan edi. Biroq Braziliya bosh murabbiyi Carlo Ancelotti Neymarning safga qaytishga tayyorligini tasdiqladi.
Portugaliya terma jamoasi guruh bosqichidagi muhim bahsda Oʻzbekiston bilan toʻqnash keladi, soʻngra Kolumbiyaga qarshi maydonga tushadi. Braziliya esa Shotlandiya bilan kuch sinashadi. Har ikki jamoa uchun ham guruhda peshqadamlikni saqlab qolish va pley-off bosqichiga qulayroq yoʻl bilan chiqish uchun gʻalaba suv va havodek zarur.
Joao Canceloning fikricha, futbol olami Ronaldoning xalqaro maydondagi rekordlari va Neymarning Braziliya futboliga qoʻshgan ulkan hissasini eʼtirof etgan holda, ularga mutloq hurmat koʻrsatishi lozim. Hozirgi kunda bu ikki yulduz atrofidagi shov-shuvlar faqatgina ularning nufuzi qanchalik yuqori ekanligidan dalolat beradi.































Izohlar 0
…