O‘zbekistonning ikki qishlog‘i endi Qirg‘izistonga qarashli

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida davlat chegarasini aniq belgilash jarayoni doirasida muhim qaror amalga oshirildi. Natijada Farg‘ona viloyatiga qarashli bo‘lgan Cho‘ng‘ara hamda Tosh-Tepa aholi punktlari Qirg‘iziston hududiga o‘tkazildi.
Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti matbuot kotibi Asqat Alagozov ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, mazkur qishloqlarda istiqomat qiluvchi qariyb 2,5 ming nafar aholi etnik qirg‘izlar bo‘lib, endilikda Qirg‘iziston fuqaroligini olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ma’lum qilinishicha, chegarani demarkatsiya qilish jarayonida tomonlar o‘zaro manfaatlar asosida kelishuvga erishgan. Qirg‘iziston ham o‘z navbatida O‘zbekistonga chegara hududida joylashgan maydoni jihatidan teng bo‘lgan yer uchastkalarini taqdim etgan.
Shuningdek, Soy qishlog‘idan Tayan qishlog‘igacha yangi avtomobil yo‘lini qurish maqsadida umumiy maydoni 236 gektar bo‘lgan teng qiymatli yer maydonlari o‘zaro almashilgani ma’lum qilindi.
Mutaxassislar fikricha, mazkur yo‘lning barpo etilishi Qirg‘izistonning Botken viloyati aholisi uchun katta qulaylik yaratadi. Chunki yangi yo‘nalish ishga tushgach, Aydarkendan Botken shahrigacha bo‘lgan masofa hozirgi 225 kilometr o‘rniga atigi 55 kilometrni tashkil etadi.





























Izohlar 0
…