Shahlo Rametova: «Ajrashish haqida o‘ylaganim uchun afsuslandim”

Taniqli aktyor Aziz Rametovning turmush o‘rtog‘i Shahlo Rametova ijtimoiy tarmoq orqali muxlislarni qiziqtirayotgan savollarga javob berdi. U turmush o‘rtog‘ining salomatligi, internetdan nega uzoqlashgani hamda oilasi atrofida tarqalgan turli gap-so‘zlarga munosabat bildirdi.
Shahlo Rametovaning aytishicha, Aziz Rametov so‘nggi vaqtlarda jiddiy sog‘liq muammolari bilan kurashmoqda. Aktyorning bo‘yin umurtqasi shikastlangan bo‘lib, bel qismidagi jarohatlar va bir nechta grijalar ham ahvolini og‘irlashtirgan. Shu sababli u hozirda maxsus tibbiyot muassasasida qat’iy nazorat ostida muolaja olyapti.
Uning ta’kidlashicha, shifokorlar dastlab jarrohlik amaliyotini taklif qilgan. Biroq operatsiyaning natijasiga to‘liq kafolat berilmagani va nogironlik xavfi mavjudligi sababli boshqa yechimlar izlangan. Keyinchalik munosib klinika topilib, davolash jarayoni boshlangan.
Shahlo Rametova ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilingan karta raqami masalasiga ham oydinlik kiritdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha paytda turmush o‘rtog‘i og‘ir ruhiy bosim va xavotir ta’sirida qolgan. Operatsiya uchun juda katta mablag‘ talab qilinishi haqidagi gaplar uning hissiyotga berilib qaror chiqarishiga sabab bo‘lgan.
— O‘sha vaziyatda barchamiz qattiq xavotirga tushgan edik. Keyinchalik muammoning boshqa yechimi topildi va davolanish ishlari boshlandi, — dedi u.

Suhbat davomida Shahlo Rametova oilaviy munosabatlar haqida ham samimiy fikr bildirdi. U turmush davomida ba’zan kelishmovchiliklar sababli ichidan «ajrashaman» deb o‘ylagan vaqtlari bo‘lganini tan oldi.
— Hozir o‘sha fikrlarimdan afsuslanaman. Turmush o‘rtog‘im doimo menga suyanch bo‘lib kelgan. Ularsiz kundalik ishlar qanchalik qiyinligini endi his qilayapman. Inson ba’zi narsalarning qadrini yo‘qligida bilar ekan, — dedi u.
Uning ta’kidlashicha, farzandlari ham otasini qattiq sog‘inib qolgan. Bolalar tez-tez «dadam qachon qaytib keladilar?» deb so‘rayotgani ona uchun ham oson kechmayotganini aytdi.
Shahlo Rametova ajrashish haqida turli taxminlar qilayotganlarga ham murojaat qildi. U odamlarni asossiz xulosalar chiqarmaslikka chaqirib, oilasi haqida tarqalayotgan mish-mishlarga ishonmaslikni so‘radi.
— Iloji bo‘lsa, salbiy fikrlar o‘rniga yaxshi duo qilinglar. Hozir biz uchun eng muhimi — salomatlik va xotirjamlik, — dedi u.






























Izohlar 0
…