Sobiq futbolchi: Ronaldu O‘zbekistonga qarshi o‘yinda osongina 2 ta gol uradi

Sankt-Peterburgning «Zenit» klubi sobiq futbolchisi Aleksey Gasilin JCH-2026 guruh bosqichidan o‘rin olgan Portugaliya va O‘zbekiston milliy jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv haqida o‘z fikrini bildirdi.
Sobiq futbolchi muxlislarni Lionel Messi va Krishtianu Ronalduning jahon chempionatidagi ehtimoliy so‘nggi ishtirokidan zavq olishga chaqirdi. Uning fikricha, futbol tarixining ikki buyuk yulduzi uchun bu mundial katta sahnadagi oxirgi chiqishlardan biri bo‘lishi mumkin.
«Messi va Ronaldu o‘yinidan zavq oling. Bu yulduzlarning jahon chempionatidagi so‘nggi chiqishlaridan bahramand bo‘ling», — deya Gasilinning so‘zlarini keltirdi «Sovetskiy Sport».
Gasilin Portugaliya — O‘zbekiston bahsida Krishtianu Ronaldudan yuqori natijadorlik kutayotganini ham yashirmadi. U portugaliyalik hujumchi ikki gol urib, tanqidchilarga javob qaytarishini taxmin qildi.
«Ronaldu osongina dubl uradi, keyin esa tanqidchilarga jim turishni ko‘rsatadi», — dedi sobiq futbolchi.
Krishtianu Ronaldu Portugaliya terma jamoasining asosiy yetakchilaridan biri bo‘lib qolmoqda. Shu bois O‘zbekiston himoyachilari tajribali hujumchini, ayniqsa jarima maydoni ichida, bir lahzaga ham nazoratsiz qoldirmasligi talab etiladi.
Biroq «Oq bo‘rilar» ham yulduzli raqibga qarshi munosib qarshilik ko‘rsatish va mundialdagi ilk ijobiy natijasini qo‘lga kiritish niyatida maydonga tushadi.
Portugaliya va O‘zbekiston o‘rtasidagi uchrashuv bugun, 23 iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Bahs Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da boshlanishi rejalashtirilgan.
Uchrashuvda asosiy e’tibor Ronalduning harakatlari, O‘zbekiston himoyasining intizomi va ikki jamoaning g‘alaba uchun olib boradigan kurashiga qaratiladi.































Izohlar 0
…