20:30 / 01.07.2021
7 098

Anons: O‘zbekistonda 3-dunyo futboli o‘ynalmoqda


Arxiv titkilayotganimda Sami Al Jaberning qit’amiz futboli haqida 2014 yilda aytgan fikrlari e’tiborimni tortdi.
Saudiya Arabistoni futbolining afsonasi shunday deydi: "Osiyoda futbol rivojlanmoqdami? To‘g‘risini aytsam, bu borada bir narsa deyish qiyin. Qit’ada kuchli jamoalar bor, lekin ularni Yevropa klublari bilan solishtira olmayman. Osiyo futbolida ham katta pullar aylanayotganini inkor etmayman, lekin muammo shundaki, bu pullar doim ham futbol rivoji uchun sarflanmayapti. Natijada yaxshi o‘yinchilar yetishib chiqayotgani yo‘q, borlari ham uchinchi dunyo futbolini o‘ynashmoqda".

Afsuski, oradan 7 yil o‘tgan bo‘lsa-da, yuqoridagi fikrlar dolzarbligini yo‘qotmagan. Xususan, o‘zbek futbolida. Milliy birinchiligimizni, quyi divizionlarni kuzatganlar tasdiqlashadi: bizda aksar jamoalarning o‘yin uslubi 1 xil va o‘zgarmas. Ya’ni, 2015 yilda qanotdan oldinga o‘tib, to‘pni jarima maydoniga oshirish asosida o‘ynagan murabbiylar hamon o‘z uslubidan voz kecholmayapti.

Ma’lumot uchun, bu uslub Yevropa tomonlarda to‘qsoninchi yillarning avvalida urfdan qolgan edi. Yangi asrning boshida asosiy e’tibor "14-hudud"ga qaratilgani tufayli klassik 4-4-2'ning o‘rnini rombsimon shakldagi 4-4-2 taktik sxemasi egalladi.

Bu uslubning muvaffaqiyat qozonishiga asosiy sababchi sifatida 14-hududda mukammal o‘yin ko‘rsatgan Zinedin Zidan ko‘rsatiladi va u barcha davrlarning ushbu chiziqda o‘ynagan eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof qilinadi. Keyinroq mazkur nuqtada Leo Messini yashirin forvard sitifada o‘ynata boshlagan Pep Gvardiola butun qit’ani tiz cho‘ktirdi. "Bavariya" va nemis futbolining 2013-2014 yillardagi muvaffaqiyatini tahlil qilgan ekspertlar Tomas Myuller va O‘zilning 14-hududdagi betakror harakatlarini alohida e’tirof qiladi.

Futbol kun sayin o‘zgarib boryapti. 2014 yildan keyin 14-hudud o‘z ahamiyatini yo‘qota boshladi. Shu tufayli "sof o‘ninchi raqamlar"ga ehtiyoj pasayishi natijasida Mesut O‘zil, Uesli Sneyder va Zidan singari futbolchilar kamayib ketdi. Bu fikrga qo‘shilmasangiz, ayni paytda hujumchi ortida o‘ynayotgan 10 nafar top-futbolchini sanab bering.

Asrimizning 2-dekadasida futbol tendensiyalari maydon markazi va ikkala qanot oralig‘idagi "half-space" → o‘rta hududga e’tibor kuchaytirishni talab qildi.

Bu davrda yevrofutbolda inqilob yasagan "Real"ning muvaffaqiyatlarida aynan mazkur hududdagi nazoratni to‘la qo‘lga ola biladigan Toni Kroos va Luka Modrichning o‘rni beqiyos. E’tibor qilsangiz, oxirgi yillarda Mesut O‘zil singari 14-hudud sohiblarining mavqeyi pasayib, ularning o‘rnini Kevin De Bryuyne, Pol Pogba, Marko Verratti va Jorjino Veynaldum singari "half-space"da javlon urayotgan yigitlar egalladi. Bu tendensiya qanot vingerlarini ham o‘rta hududga siljitib, forvardga aylantirdi. Bir paytlar jarima maydoniga uzatmalarni amalga oshirish uchun chap qanotda chapaqay yarim himoyachilar o‘ynardi. Endi murabbiylar jarima maydoni ichiga to‘p uzatish vazifasini qanot himoyachilari zimmasiga yuklab, vingerlardan raqib darvozasi tomon harakatlanish, qulay imkon paydo bo‘lishi bilan zarba berishni talab qilyapti.

Xullas, bugun maydon chetida turadigan murabbiy grossmeysterdan ko‘proq o‘ylashga, zamon ruhiga moslashishga majbur. Aks holda, modern futbol ularni bir lahzada chiqitga chiqarib qo‘yadi. Misol uchun, 10 yil muqaddam dunyoning eng kuchli murabbiyi hisoblangan Joze Mourinyu qaysarlik bilan o‘z uslubidan voz kechmagani tufayli grand klublar darajasidan ancha pastga sho‘ng‘idi.

Bizda esa hamon qanotdan oldinga o‘tib markazga oshiriladigan uzatmalar trenddaligi haqida aytdik. Ma’lumot uchun, Yevropa bunday uslubdan voz kechganiga 20 yildan oshdi. O‘zbekistonda bu tipdagi futbolning hamon saqlanib qolayotganiga sabab sifatida murabbiylarning uquvsizligi (tajribasizlik emas, aynan uquvsizlik!)ni ko‘rsatish mumkin.

O‘zbekiston Superligasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislardan qay biri xorijda malaka oshirib kelganini eslay olasiz? O‘z uslubini ixtiro qilgan kimnidir bilasizmi? Chet elda qandaydir yutuqqa erishgan hamyurtimiz bormi? Umuman ortda qolgan 30 yil davomida jillaqursa 1 nafar chinakam mutaxassis yetishib chiqdimi?

Yo‘q!
Shu tufayli bugun ba’zi jamoalarning o‘z o‘yin uslubi yo‘q, borlari ham zamonaviy futbolga mos kelmaydi. Superligada faol o‘yin vaqti 45 daqiqaga chiqmaydigan bahslar tiqilib yotibdi. Demak, Sami Al Jaberning yuqoridagi fikri hamon dolzarb ekan: "O‘zbekistonda hali ham 3-dunyo futbolini o‘ynashmoqda".

Xullas, bu boradagi xatolar yetarlicha. Tez orada mamlakatimizda murabbiylarni tayyorlash jarayoni qanday amalga oshirilayotgani va sohadagi kamchiliklar to‘g‘risida material e’lon qilamiz. Bugungi gaplarni esa anons sifatida qabul qiling.
 
Muallif: Faxriddin Ro'ziyev

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Anons: O‘zbekistonda 3-dunyo futboli o‘ynalmoqda