Qarshining “Nasaf” klubini OFK Kubogi yarim finalida juda jiddiy bahs kutyapti. Hozir o‘zbek futboli jamoatchiligining e’tibori mazkur to‘qnashuvga qaratilgan.
“Ajdarlar”da ikkinchi bor OFK Kubogini yutish imkoniyati mavjud. Ilk bor 2011 yili ushbu musobaqada g‘oliblikni qo‘lga kiritganini barchamiz yaxshi eslaymiz.
Jamoaning o‘sha tarkibida to‘p surgan futbolchilardan biri va g‘alabada katta hissa qo‘shgan Lutfulla To‘rayev hozirda “Bunyodkor” sharafini himoya qilyapti. U Sports.uz muxbiri bilan suhbatda yarim final oldidan fikr bildirdi.
- “Nasaf”ni OFK Kubogi yarim final doirasida Gonkongning “Li Man” jamoasiga qarshi muhim bellashuv kutib turibdi. Bu bahsda sobiq klubingizning imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- “Nasaf” jamoasining imkoniyatini albatta yuqori baholayman. O‘ylashimcha, yigitlar maydonda bor kuchini sarflashadi. Ular O‘zbekiston uchun ham o‘ynab berishadi. Yurtimizdagi barcha ishqibozlar “Nasaf”ga muxlislik qilishadi, degan umiddaman. Xudo xohlasa, “Nasaf” g‘alaba qozonadi.
- “Nasaf” oldingi bosqichda Hindiston jamoasiga oltita gol urdi. Endi qarshimizda “Li Man” turibdi. Odatda, klublarimiz bu mamlakat jamoasiga qarshi kam o‘ynagan. O‘z vaqtida “Neftchi” “Saut Chayna”ga qarshi o‘ynaganini eslaymiz. Sizningcha, “Nasaf”ning bo‘lajak raqibi qanchalik jiddiy?
- Har bir raqibni hurmat qilgan holda maydonga chiqib o‘ynash kerak. U qaysi mamlakat jamoasi bo‘lishidan qat’iy nazar o‘yinga jiddiy tayyorlanish shart. Anchadan beri Gonkong klublariga qarshi o‘ynamaganmiz. To‘g‘ri, Qarshidagi bo‘lajak bahsda qiyinchilik bo‘ladi-yu, baribir “Nasaf” yutadi deb o‘ylayman. Ishonch yuqori.
- “Nasaf”ning ikkinchi marta OFK Kubogini yutish imkoniyatini qanday baholayapsiz?
- Klubning ilk bor OFK Kubogini yutganiga 10 yil bo‘ldi. “Nasaf”da OFK Kubogini yutish uchun hamma narsa bor deb o‘ylayman. Ularga faqat omad tilayman. O‘sha Kubokni yana mamlakatimizga olib kelishidan umidvorman.
- O‘zingiz ham faoliyatingizdagi eng yoqimli bo‘lgan o‘sha 10 yil oldingi yorqin g‘alabani eslab turasizmi?
- Har doim eslaymiz, yaxshi paytlar bo‘lgan. Yigitlar bilan birga o‘tirganimizda ko‘p eslab turamiz.
- 2011 yilgi finaldagi uchrashuvdan sizda qanday taassurot qolgan?
- Final Qarshida bo‘lgandi. Muxlislarning ko‘z o‘ngida o‘ynaganmiz, stadion to‘lgandi. Muhit boshqacha bo‘lgan. Shunga yarasha g‘alaba qozonib OFK Kubogini qo‘lga kiritganmiz. O‘yindan keyin stadionda tabriklarni qabul qilganmiz, qisqasi, boshqacha muhit hukm surgan. Esimda, o‘shanda yechinish xonasidan chiqib, avtobusda bazamizga qaytishimiz kerak edi. Masofa 10-15 daqiqalik yo‘l xolos. Ammo o‘sha joyga 1 - 1-5 soatda yetib borgandik. Chunki ko‘chada muxlislarning ko‘pligidan avtobus zo‘rg‘a yurgan. Bularni eslash juda yoqimli, baribir boshqacha bo‘lgan.
- “Nasaf”ning 2011 yilgi tarkibi bilan bugungi tarkibini ko‘p solishtirishyapti. Shaxsan siz uchun qaysi biri kuchliroq?
- Hozirgi jamoa asosan iqtidorli yoshlardan tashkil topgan. 2011 yilgi tarkibda yoshi katta, tajribali o‘yinchilar ham bor edi. Legionerlar ham o‘ynardi. U paytda ikkita bir xil tarkib bor edi, deb bemalol ayta olaman. Menimcha, o‘sha yilgi tarkib kuchli edi, deb o‘ylayman. Hozirgisi yoshlardan tashkil topgan bo‘lsa-da, tarkibi chakki emas. Nazarimda, “Nasaf” 2011 yilgi chempionlikni takrorlay oladi. Bunga qurbi yetadi.
- “Nasaf”ga 2009 yili kelgansiz va aynan OFK Kubogini yutgach, jamoadan ketgansiz. Keyingi yili “Nasaf” Osiyo Chempionlar ligasida ham o‘ynagan. O‘shanda nima uchun “Bunyodkor”ga ketib qolgansiz?
- Ha, “Nasaf”da uch yil o‘ynaganman. 2012 yili “Bunyodkor” ham Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynardi. O‘z kuchimni Toshkent jamoasida sinab ko‘rishni istab shu klubga kelganman.
- Faoliyatingizda “Nasaf”dagi uch yillik hayotingiz qanday o‘rin tutgan?
- Toshkentga kelib o‘ynashimga sabab bo‘lgan. “Mash’al”da o‘ynaganimdan keyin ”Nasaf”ga o‘tganman. 2011 yili O‘zbekiston chempionatida ikkinchi o‘rinni olganmiz. Kubok finaliga chiqqanmiz va OFK Kubogi sohibi bo‘lganmiz. Ko‘rib turganingizdek, bu men uchun katta rol o‘ynagan va shu orqali “Bunyodkor”ga ketganman.
- “Nasaf”ning bu yilgi OFK Kubogidagi ishtirokini kuzatayotgandirsiz?
- Bo‘lmasam-chi! Jamoaning hamma o‘yinlarini ko‘ryapmiz.
- Yarim finalda qanday hisobni taxmin qilyapsiz?
- Qanaqa hisob bo‘lishini aytish qiyin. Avvalo, g‘alaba eng muhimi. Qanday hisobda bo‘lishidan qat’i nazar yutib finalga chiqsa bo‘ldi. O‘zbekiston muxlislari “Nasaf”ni qo‘llab-quvvatlaydi.
- Klubdagi asosiy qurol deb kimni aytgan bo‘lardingiz?
- Asosiy qurol deya kimnidir ajratmayman. “Nasaf” o‘z uyida juda chiroyli o‘ynaydi. Jamoaviy o‘yin shakllangan. Gonkong klubiga qarshi barcha futbolchilar bir jamoa bo‘lib o‘ynashadi. Yuqorida aytdim, ularning ortida O‘zbekiston turibdi. “Nasaf” jamoaviy tarzda kuchli.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Samarqandda voyaga yetmagan qizni zo‘rlaganlikda gumonlanib 8 kishi ushlandi
Jaloliddin Masharipov: "Qatar ustidan g‘alaba qozonsak, Jahon chempionati masalasini 90 foizga hal etamiz"
AQSHda Tramp siyosatidan qochmoqchi bo‘lganlarga 4 yillik sayohat taklif qilindi