Osiyo kubogi sanasi o‘zgardi: Saudiya Arabistonidagi musobaqa 2028 yilda bo‘lib o‘tadi

Osiyo futbol konfederatsiyasi 2027 yilgi Osiyo kubogining o‘tkazilish muddatini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qarorni rasman tasdiqladi. Saudiya Arabistonida tashkil etiladigan qit’a chempionati avval rejalashtirilganidan farqli ravishda 2027 yil dekabr oyida boshlanib, 2028 yil yanvar oyida yakunlanadi.
Bu masala Tailand poytaxti Bangkok shahrida o‘tkazilgan OFK Ijroiya qo‘mitasining 9-yig‘ilishida ko‘rib chiqildi. Unda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti, OFK Ijroiya qo‘mitasi a’zosi Ravshan Ermatov ham ishtirok etdi.
Osiyo kubogi qachon o‘tkaziladi?
OFK Ijroiya qo‘mitasi musobaqani tashkil etish qo‘mitasi tomonidan avvalroq qabul qilingan sanalarni o‘zgartirish haqidagi qarorni rasman ma’qulladi.
Yangi taqvimga ko‘ra, Saudiya Arabistonidagi Osiyo kubogi 2027 yil 23 dekabrdan 2028 yil 21 yanvarga qadar davom etadi.
Konfederatsiya ma’lum qilishicha, muddatlarni o‘zgartirishdan maqsad musobaqani futbolchilar, milliy assotsiatsiyalar, muxlislar va hamkorlar uchun qulay sharoitlarda tashkil etishdir.
Ravshan Ermatov ham yig‘ilishda qatnashdi
Yig‘ilishga OFK prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifa raislik qildi. Unda Osiyo futboli rivoji, qit’a miqyosidagi musobaqalarni tashkil etish, a’zo assotsiatsiyalar o‘rtasidagi hamkorlik va birdamlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Bangkokda bo‘lib o‘tadigan «AFC Awards Bangkok-2026» taqdirlash marosimi hamda sohil futboli bo‘yicha Osiyo kubogiga oid tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish yakunida OFK doimiy qo‘mitalarining hisobotlari tinglanib, tasdiqlandi.
Shunday qilib, Osiyo futbolining eng muhim musobaqalaridan biri yangi taqvim asosida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Saudiya Arabistonidagi qit’a chempionati 2027 yil oxirida boshlanib, 2028 yilning dastlabki haftalarida o‘z g‘olibini aniqlaydi.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar

































Izohlar0
…