21:28 / 07.02.2022
1 881

"Surxon"da bosh murabbiy o‘zgardi: Valmanyaning o‘rniga undan zo‘ri keldi!

"Surxon"da bosh murabbiy o‘zgardi: Valmanyaning o‘rniga undan zo‘ri keldi!
Superliga klublarining yangi mavsum uchun tayyorgarligi ayni qizigan pallasiga kirgan. E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, aksariyat jamoalar qishki tayyorgarlikni xorijda, jumladan, Turkiyada davom ettirishmoqda.

Zukko o‘quvchilarimiz yaxshi biladilarki, Superliganing har bir ishtirokchisiga doir ma’lumotlarni hukmingizga havola qilib boryapmiz. Chunki har bir klubning muxlisi sevimli jamoasidagi o‘zgarishlardan boxabar bo‘lishni istaydi.

Termizlik ishqibozlar ham “Surxon”ning taqdiriga befarq emaslar. Mazkur klubga oid yangiliklardan saytimiz orqali siz o‘quvchilarni ham boxabar qilib bormoqdamiz. Yaqinda “Surxon”dagi o‘zgarishlar borasida ma’lumot bergandik. Unga ko‘ra, klubda ispaniyalik murabbiylar ish boshlashgandi. Bosh murabbiy vazifasida Xordi Fabregat Valmanya ishga kirishgani yodingizda bo‘lsa kerak. Shu tariqa, u o‘zining yordamchilari bilan Toshkentda yangi jamoasidagi mashg‘ulotlarni boshlab yuborishgandi. Biroq aksiga olib, ularning “Surxon”dagi "hayoti" uzoqqa cho‘zilmadi va juda qisqa davom etdi, xolos.

Boisi shundaki, Valmanya va uning yordamchilarida yurtimizda murabbiylik qilish uchun tegishli litsenziyasi bo‘lmagan va aynan shu sabab tufayli ispaniyaliklar o‘z yurtlariga qaytib ketishga majbur bo‘lishdi, degan gap-so‘zlar paydo bo‘ldi. Ochig‘i, hayron qoldik. Nahotki, klub mutasaddilari murabbiylarni olib kelishdan avval ularni litsenziyalari bor-yo‘qligi bilan qiziqishmagan bo‘lsa?! Yoki o‘zimizdagi talablarni bilishmasmidi, qabilidagi fikrlar yangray boshladi. Lekin bunga javoban “Surxon” klubi shunday bayonot bilan chiqdi:

“Aslida Ispaniyadan tashrif buyurgan mutaxassislar orasida 3 nafar murabbiyning litsenziyasi yo‘q ekan, degan ma’lumot noto‘g‘ridir.

- “Surxon” jamoasiga bosh murabbiy sifatida tashrif buyurgan Fabregat Valmanyada UYEFA “PRO” litsenziyasi mavjud.

- Sport direktori sifatida kelgan Barosso Gonsalezda ham kerakli litsenziya mavjud va u bemalol klubda sport direktor sifatida faoliyat yuritishi mumkin.

- Analitik murabbiy sifatida tashrif buyurgan Jonatan Lomasda ham kerakli litsenziya mavjud.

- Jismoniy tayyorgarlik murabbiyi sifatida tashrif buyurgan Xorxe Ruiz Ispaniyaning Las palmas universitetini (Las Palmas de Gran Canaria) aynan jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha fakultetini tamomlagan. Ming afsuski, OFK talabiga ko‘ra jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiydan "Level-2" litsenziyasi talab qilinadi. Xorxe UYEFA tasnifidagi davlatlarda jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy sifatida ishlay oladi.

- Darvozabonlar murabbiyi sifatida tashrif buyurgan Adrian Manuel "Level-1" darvozabonlar murabbiyi litsenziyasiga ega. OFK talabiga ko‘ra Superliga klubida darvozabonlar murabbiyidan "Level-3" litsenziyasi talab qilinadi.

Bu yildan to‘g‘ri tizimda ishlashni o‘z oldiga maqsad qilgan va kelasi yili OFK litsenziyasini olishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan "Surxon" klubi ushbu murabbiylar o‘rnini aynan litsenziyasi OFK talabiga javob beradigan mutaxassislar bilan to‘ldirishga qaror qildi.

Shuningdek, O‘zPFL tomonidan ishlab chiqilgan Musobaqalar reglamenti 6.1 bandida "2023-yilgi mavsumdan boshlab faqat OFK litsenziyalashidan o‘ta olgan klublarga Superligada ishtirok etish uchun litsenziya berilishi" ta’kidlab o‘tilgan”.

“Surxon” mana shunday bayonot bergan holda murabbiylarning ketishini litsenziya bilan bog‘lagan. Ya’ni, ularning bugungacha qo‘lga kiritgan litsenziyalari OFKnikiga to‘g‘ri kelmas ekan. Aslini olganda, Valmanyada hammasi joyida. Muammo uning yordamchilarida edi. Shu boisdan Xorde Fabregat o‘zining shtabi bilan ketishga majbur bo‘ldi.

Klub mutasaddilari yangi bosh murabbiy masalasini imkon qadar tezkorlik bilan hal qilishlari talab qilinardi. Chunki bu yoqda chempionat boshlanishiga oz fursat qolayotgandi. Natijada kutilganidek, jamoaning yangi ustozi ham o‘zini uzoq kuttirib turmadi. Qizig‘i, ispaniyalikning o‘rnini ispaniyalik egalladi.

Yangi bosh murabbiy bilan tanishing: Anxel Lopes Peres. 1983 yilning 5 aprel sanasida Madridda tavallud topgan. Futbolchilik paytida yarim himoyachi bo‘lgan.

Murabbiy sifatida shu paytgacha bosib o‘tgan yili:

2007-2013 “Getafe” klubida yordamchi murabbiy, 2013-2014 Ruminiyaning “Petropul” jamoasida bosh murabbiy yordamchisi, 2014-2015 yillari yana La Ligaga qaytib o‘sha “Getafe”da yordamchi murabbiy bo‘ldi. 2015-2016 yillarda esa u Xitoyning “Guanchjou Fuli” klubida ishladi. Bir yildan so‘ng BAAning “Al-Shabab” klubida faoliyat olib bordi. 2017-2018 yillarda Ispaniyaning “Rekreativo” jamoasiga bosh murabbiylik qilgan. 2018-2019 yillar davomida Lopes Ekvatorial Gvineya terma jamoasini boshqardi. 2020 yilda esa Ekvador chempionatida “Delfin” klubiga ustozlik qildi. O‘sha yili Gretsiya Superligasida “Volos” jamoasi bosh murabbiyiga aylandi. “Surxon”ga kelgunga qadar esa Gretsiyaning boshqa bir jamoasi – “Atromitos” klubini boshqarib kelayotgandi.

Ko‘rib turganingizdek, bu safargi mutaxassis oldingisiga qaraganda ancha ko‘zga ko‘ringan. Ispaniya La Ligasida ishlab katta tajriba to‘plagan, turli klublarni boshqargan. "Getafe" bilan Yevropa Ligasida ham ishtirok etgan. Kuni kecha Toshkentga yetib kelgan Anxel Lopes “Surxon” rahbariyati bilan barcha masalani kelishib oldi va bosh murabbiy sifatida ishga kirishdi. Tez orada uning 3 nafar yordamchilari ham yetib kelishadi. Yangi murabbiyda UYEFAning “PRO” litsenziyasi mavjud.

Lopesning oldida juda kam vaqt qolgan. Boisi, mart oyida Superliga start oladi. Har bir murabbiyning dunyoqarashi turlicha bo‘lgani kabi, Lopesning ham futbolga qarashlari Valmanyanikidan farq qiladi. Shu sababdan “Surxon” endi yangi murabbiyning uslubiga o‘tadi. U jamoani chempionatga tayyorlashga ulgura oladimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Lekin Anxel Lopes haqida iliq fikrlarni eshityapmiz. Bunga uning ishlagan klublari misol bo‘la oladi. Qolganini esa “Surxon”dagi ishi orqali amalda ko‘ramiz.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Surxon"da bosh murabbiy o‘zgardi: Valmanyaning o‘rniga undan zo‘ri keldi!