GitLab sunʻiy intellektga oʻtish doirasida xodimlarining 14 foizini boʻshatdi

Dasturchilar uchun mashhur GitLab platformasi oʻz ishchi kuchining qariyb 14 foizini, yaʻni taxminan 350 nafar xodimni ishdan boʻshatganini eʻlon qildi. Ushbu qaror kompaniyaning oʻtgan oyda boshlangan keng koʻlamli tarkibiy oʻzgarishlari va 22 ta davlatdagi faoliyatini toʻxtatishi bilan bogʻliq. Kompaniya rahbariyati boshqaruv qatlamlarini qisqartirish va asosiy eʻtiborni sunʻiy intellekt (AI) oqimlariga xizmat koʻrsatuvchi infratuzilmaga qaratishni maqsad qilgan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Kompaniya bosh direktori Bill Staplesning soʻzlariga koʻra, agentli ish yuklamalari (agentic workloads) mavjud dasturchilar infratuzilmasiga kutilganidan ancha yuqori bosim oʻtkazmoqda. Bu muammo faqat GitLabʻga xos emas; uning asosiy raqobatchisi boʻlgan GitHub ham sunʻiy intellekt orqali yuborilayotgan katta hajmdagi maʻlumotlar oqimi tufayli tizim barqarorligini saqlashda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Staplesning taʻkidlashicha, kompaniya 100 barobar oʻsishni qoʻllab-quvvatlash uchun git tizimini tubdan qayta qurishni boshlagan.
GitLab infratuzilmani AI yuklamalari uchun optimallashtirish maqsadida nomi ochiqlanmagan yirik AI-laboratoriya bilan hamkorlik oʻrnatdi. Yangi strategiya doirasida agentlar uchun kontekstni saqlash va olishga moʻljallangan maxsus APIʻlar, shuningdek, dasturchilar va AI-agentlar oʻrtasidagi ishni muvofiqlashtiruvchi vositalar ishlab chiqilmoqda. Platformaga boshqaruv va nazorat vositalari ham toʻgʻridan-toʻgʻri integratsiya qilinadi.
Shu tariqa GitLab ham AI texnologiyalarini biznesning asosiy qismiga aylantirish uchun xodimlarini qisqartirgan Amazon, Microsoft, Meta va Oracle kabi texnologik gigantlar qatoriga qoʻshildi. Statista maʻlumotlariga koʻra, joriy yilda texnologiya sohasida 100 000 dan ortiq ish oʻrni qisqartirilgan. Qizigʻi shundaki, koʻplab kompaniyalar rekord darajadagi daromadlar haqida hisobot berayotgan boʻlsa-da, AIʻga investitsiya kiritish uchun shtatlarni qisqartirishda davom etmoqda.
GitLabʻning moliyaviy koʻrsatkichlari ham ijobiy dinamikani koʻrsatmoqda. Kompaniyaning birinchi chorakdagi daromadi oʻtgan yilga nisbatan 23 foizga oshib, 264 million dollarni tashkil etdi. Yalpi foyda marjasi esa 88 foizga yetdi. Rejalashtirilgan tarkibiy oʻzgarishlar va xodimlarni qisqartirish jarayonlari uchun kompaniya 30 million dollardan 35 million dollargacha mablagʻ sarflashni kutmoqda.





























Izohlar 0
…