Binance va Alpaca daromadlarni boʻlishish boʻyicha kelishuvga erishdi

Dunyoning eng yirik kriptovalyuta birjasi Binance kastedian va brokerlik infratuzilmasi provayderi Alpaca bilan daromadlarni taqsimlash boʻyicha kelishuv tafsilotlarini ochiqladi. Alpaca bugungi kunda tokenizatsiya qilingan AQSH aksiyalari va birja fondlari (ETF) saqlovi boʻyicha yetakchi infratuzilma provayderiga aylangan. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Binance tomonidan eʼlon qilingan yangi savdo shartlariga koʻra, birja Alpaca platformasining buyurtmalar oqimi uchun toʻlov (PFOF) tushumlarining 50 foizini hamda foydalanuvchilarga foizlar toʻlangandan keyingi aksiyalar lizingidan qolgan foydaning 65 foizini oladi. Alpaca kompaniyasi Binance platformasidagi aksiya savdolari uchun brokerlik, kliring va kastedian xizmatlarini taqdim etadi.
Ushbu hamkorlik Binance kompaniyasining kripto olamidan tashqariga chiqish va oʻz xizmatlarini monetizatsiya qilish strategiyasining bir qismidir. Avvalroq birja 7000 dan ortiq AQSH aksiyalari va ETFlariga kirish imkoniyatini ochgan hamda bStocks deb nomlangan yangi tokenizatsiyalangan mahsulotini anons qilgan edi. Maʼlumot uchun, Alpaca yanvar oyida 1,15 milliard dollar baho bilan 150 million dollar investitsiya jalb qilgan.
RWA.xyz maʼlumotlariga koʻra, tokenizatsiya qilingan aksiyalar bozori jadal oʻsib bormoqda. Oxirgi 30 kun ichida ushbu bozorning umumiy qiymati 29 foizga oshgan boʻlsa, egalari soni 35 foizga koʻpayib, 304 700 nafarga yetdi. Biroq, faol manzillar sonining kamayishi investorlar ushbu aktivlarni faol sotishdan koʻra, uzoq muddatli saqlashni afzal koʻrayotganidan dalolat beradi.
Boshqa yirik kripto birjalar ham anʼanaviy moliya bozorlariga kirib bormoqda. Masalan, Bitget birjasi aprel oyida Elon Musk boshqaruvidagi SpaceX kompaniyasining IPO oldi aksiyalariga bogʻlangan proksi-taklifni ishga tushirgan edi. Bu kabi qadamlar blokcheyn texnologiyalari asosidagi savdo mahsulotlariga boʻlgan talab ortib borayotganini koʻrsatmoqda.



























Izohlar 0
…