Mualliflik huquqi bilan bogʻliq nizolarga qaramay Suno 400 mln dollar jalb qildi

Sunʼiy intellekt yordamida musiqa yaratuvchi Suno startapi chorshanba kuni 400 million dollarlik D seriyali investitsiya raundini yakunlaganini eʼlon qildi. Ushbu moliyalashtirishdan soʻng kompaniyaning bozor qiymati 5,4 milliard dollarga yetdi. Shunisi eʼtiborliki, atigi yetti oy avval Suno 2,45 milliard dollarga baholangan edi, bu esa investorlarning sud jarayonlariga qaramay kompaniya kelajagiga ishonchi yuqori ekanini koʻrsatmoqda. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Kompaniyaning huquqiy muammolari ancha jiddiy. Suno oʻzining sunʼiy intellekt modellarini mualliflik huquqi bilan himoyalangan qoʻshiqlar asosida oʻqitishini tan olgan. Startap vakillari buni "fair use" (halol foydalanish) doktrinasiga muvofiq deb hisoblasa-da, Universal Music Group (UMG), Sony va Germaniyaning GEMA tashkiloti kompaniyaga qarshi sud ishlarini davom ettirmoqda. Warner Music Group (WMG) esa noyabr oyida Suno bilan litsenziya shartnomasini imzolab, kelishuvga erishgan.
Dastlab Sony va UMG kompaniyani 560 ta asardan ruxsatsiz foydalanganlikda ayblagan edi. Biroq oʻtgan oyda ovoz yozish leybllari oʻz daʼvolarini kengaytirib, yana 61 000 dan ortiq qoʻshiq ruxsatsiz oʻqitish jarayoniga jalb qilinganini maʼlum qildi. Shunga qaramay, Suno foydalanuvchilari soni oʻsishda davom etmoqda va ilova App Store musiqa boʻlimida yetakchi oʻrinlarni egallab turibdi.
Billboard maʼlumotlariga koʻra, foydalanuvchilar Suno platformasida har kuni 7 milliondan ortiq qoʻshiq yaratmoqda. Yangi investitsiya raundiga Bond Capital boshchilik qildi, shuningdek, IVP, Forerunner, Union Square Ventures va boshqa yirik fondlar ishtirok etdi. Kompaniya oʻz bayonotida soha vakillari va prodyuserlar bilan hamkorlikdan mamnunligini bildirdi, biroq aniq ismlarni ochiqlamadi.





























Izohlar 0
…