Instagram foydalanuvchilarni AI chatbot orqali amalga oshirilgan hujumlardan ogohlantirmoqda

Meta AI chatbotidan foydalanib Instagram akkauntlarini oʻgʻirlash bilan bogʻliq keng koʻlamli xakerlik kampaniyasi, kompaniya muammo hal qilinganini eʼlon qilganidan keyin ham davom etayotgani maʼlum boʻldi. Hozirda Meta jabrlangan akkauntlar xavfsizligini taʼminlash va foydalanuvchilarni ogohlantirish ustida ishlamoqda. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Xakerlar Meta’ning sunʼiy intellektga asoslangan qoʻllab-quvvatlash botini aldash orqali bir qator nufuzli akkauntlarni qoʻlga kiritishgan. Xususan, qisqa va noyob foydalanuvchi nomlariga (OG handles) ega profillar nishonga olingan. Bunday akkauntlar keyinchalik “kulrang bozor”da qimmat narxlarda qayta sotilishi mumkin. Hujum qurbonlari orasida AQSH Kosmik kuchlari bosh master-serjanti John Bentivegna ham borligi aytilmoqda.
Hujum usuli hayratlanarli darajada oddiy boʻlgan: xakerlar Meta AI chatbotiga oʻzlarini akkaunt egasi deb tanishtirib, profilni oʻzlariga tegishli elektron pochta manziliga bogʻlashni soʻrashgan. Chatbot bu soʻrovni bajargan, natijada xakerlar parolni tiklash va hisobni toʻliq nazoratga olish imkoniga ega boʻlishgan. Jarayonda Meta xodimlari ishtirok etmagan, barchasini sunʼiy intellekt bajargan.
Dushanba kuni Meta vakili Andy Stone muammo bartaraf etilganini maʼlum qildi, biroq shundan keyin ham koʻplab foydalanuvchilar akkauntlari buzilganidan shikoyat qilishda davom etdi. Telegram kanallarida xakerlar hali ham ushbu usuldan foydalanish imkoniyati borligini va oʻgʻirlangan akkauntlarni sotuvga qoʻyayotganini daʼvo qilishmoqda.
Meta hozirda jabrlangan foydalanuvchilarga parolni tiklash boʻyicha bildirishnomalar yubormoqda. Kompaniya necha kishi ushbu hujum qurboni boʻlganini ochiqlamadi, biroq xavfsizlik choralarini kuchaytirganini taʼkidladi. Foydalanuvchilarga tizimga kirishda qoʻshimcha xavfsizlik savollari berilishi mumkin.





























Izohlar 0
…