Rossiyada 130 nanometrli chiplar uchun oʻz litografi 2027-yilda paydo boʻladi

Rossiya Federatsiyasi hukumatining birinchi oʻrinbosari Denis Manturov kelasi yili mamlakatda 130 nm texnologik jarayon asosida chiplar ishlab chiqarishga qodir boʻlgan ilk mahalliy litograf yaratilishini maʼlum qildi. Bu haqda u “Kommersant” nashriga bergan intervyusida toʻxtalib oʻtdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Manturovning soʻzlariga koʻra, Rossiya yaqin kelajakda xorijiy litograflar va kremniy plastinalarga ishlov berish uskunalaridan foydalana olmasligini inobatga olib, asosiy eʼtiborni mikroelektron mashinasozlik sohasidagi oʻz texnologiyalariga qaratishga majbur. Bu strategik mustaqillikni taʼminlashning yagona yoʻli sifatida koʻrilmoqda.
Taʼkidlanishicha, oʻtgan yili Rossiyada 350 nm texnologiyasiga asoslangan litograf ishlab chiqarilgan edi. Kelasi yilgi reja esa ushbu koʻrsatkichni 130 nm gacha tushirishdan iborat. “Bu hech kimga bogʻliq boʻlmagan, oʻzimizning shaxsiy uskunamiz boʻladi”, — deya qoʻshimcha qildi Denis Manturov.
Bundan tashqari, Rossiya Yaponiya brendi boʻlgan Hitachi oʻrnini bosuvchi mikrosxemalar ishlab chiqarish uchun maxsus mikroskop tayyorlayotgani haqida xabarlar tarqalgan. Shuningdek, chiplar ishlab chiqarishda qoʻllaniladigan uchta Gʻarb qurilmasini almashtirish uchun 2 milliard rubl mablagʻ ajratilgan.





























Izohlar 0
…