ChatGPT tarixidagi eng yirik yangilanish: Chat-bot super-ilovaga aylanadi

ChatGPT tarixidagi eng yirik yangilanish: Chat-bot super-ilovaga aylanadi

OpenAI kompaniyasi ChatGPT ishga tushirilganidan buyon eng yirik yangilanishni tayyorlamoqda. Financial Times nashrining oʻnlab sobiq va amaldagi xodimlarga tayanib xabar berishicha, kompaniya ChatGPTʻni oddiy chat-botdan AI-agent funksiyalariga ega toʻlaqonli super-ilovaga aylantirishni maqsad qilgan. Ushbu yangi strategiya foydalanuvchi bilan shunchaki muloqot qilishdan voz kechib, uning nomidan turli vazifalarni mustaqil bajaradigan intellektual yordamchi yaratishni koʻzda tutadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Yangi tizim nafaqat savollarga javob beradi, balki chiptalarni band qilish, ish jadvalini tashkil etish, dasturlash va kundalik yumushlarda yordam berish kabi amaliy harakatlarni amalga oshiradi. Yangilanishning asosiy elementlaridan biri Codex platformasi bilan yanada yaqinroq integratsiya boʻladi. Shuningdek, OpenAI tasvirlar generatsiyasi va ekotizim ichidagi uchinchi tomon ilovalarini faolroq targʻib qilishni rejalashtirmoqda.

Dastlabki oʻzgarishlar yaqin haftalarda joriy etila boshlaydi. Sayt va mobil ilovalarda foydalanuvchilarni qoʻshimcha funksiyalarga yoʻnaltiruvchi yangi interfeys elementlari paydo boʻladi. Kelajakda OpenAI modellari foydalanuvchining niyatini alohida vositalarni tanlamasdan turib, mustaqil ravishda aniqlay olishi kutilmoqda. Kompaniya xodimlaridan birining soʻzlariga koʻra, sunʼiy intellekt kelajagi anʼanaviy chat-botlarda emas, aynan agentlarda mujassam.

ChatGPTʻning bunday keng koʻlamli transformatsiyasi OpenAI kompaniyasining birjaga chiqish (IPO) rejalari bilan ham bogʻliq boʻlishi mumkin. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, OpenAI bozordagi qiymati qariyb 730 milliard dollarga baholanib, dunyodagi eng qimmat texnologik startaplardan biriga aylangan. Kompaniya ichida esa anʼanaviy chat formatining davri tugagani haqidagi fikrlar tobora koʻproq yangramoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar