Nashriyotlar Google AI Search tizimidan voz kechish imkoniyatiga ega boʻladi

Buyuk Britaniya Google kompaniyasining sunʼiy intellektga asoslangan qidiruv tizimi ustidan huquqiy nazorat oʻrnatdi. Yangi tartibga koʻra, texnologiya giganti nashriyotlarga oʻz kontentlarini AI qidiruv natijalarida koʻrsatilishini taqiqlash (opt-out) imkoniyatini berishi shart. Google ushbu talablarga rioya qilishini va nashriyotlar uchun maxsus boshqaruv tugmasini joriy etishini eʼlon qildi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Nashriyotlar Google Search Console xizmati orqali oʻz saytlarining AI Overviews, AI Mode yoki Discover kabi generativ funksiyalarda ishtirok etishini cheklashlari mumkin boʻladi. Google ushbu imkoniyatni dastlab Buyuk Britaniyadagi nashriyotlar guruhida sinovdan oʻtkazadi va keyinchalik butun dunyo boʻylab joriy etadi. Kompaniyaning taʼkidlashicha, AI qidiruvidan voz kechish anʼanaviy Google qidiruv natijalaridagi reytingga (ranking) taʼsir qilmaydi.
Buyuk Britaniyaning Raqobat va bozorlar boshqarmasi (CMA) ushbu qarorni nashriyotlarga oʻz kontentlari ustidan nazoratni qaytarib beruvchi "dunyodagi birinchi" qadam deb atadi. Bu yangilik yangiliklar agentliklari va boshqa kontent yaratuvchilarga Google bilan AI funksiyalarida maʼlumotlardan foydalanish boʻyicha manfaatliroq shartnomalar tuzish imkonini beradi.
Shuningdek, Google endilikda AI javoblarida foydalanilgan kontent uchun aniq havolalar (links) koʻrsatishi shart. Kompaniya foydalanuvchilarni manba saytiga oʻtishga undash uchun inline havolalar va sayt preview funksiyalarini koʻpaytirganini maʼlum qildi. Nashriyotlarga qaror qabul qilishda yordam berish uchun Search Console tizimida AI javoblaridagi koʻrinishlar soni va boshqa yangi metrikalar ham taqdim etiladi.





























Izohlar 0
…